18:45 / 23.02.2021
9184

Samarqandda mas'uliyatsizlik uchun ikkita tumanning «zamhokim»lari ishdan bo‘shatildi, biri hayfsan oldi

Samarqand viloyatida Kattaqo‘rg‘on va Samarqand tuman hokimlarining birinchi o‘rinbosarlari mas'uliyatsizlikka yo‘l qo‘ygani uchun ishdan bo‘shatilgan. Ishtixon tuman hokimining o‘rinbosari hayfsan olgan. Bu haqda viloyat hokimi Erkinjon Turdimov boshchiligida o‘tkazilgan yig‘ilishda ma'lum qilingan.

Viloyat hokimligi axborot xizmatining xabar berishicha, bugun Samarqand viloyati hokimligida suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish masalasida yig‘ilish bo‘lib o‘tgan. Uni viloyat hokimi Erkinjon Turdimov o‘tkazgan. Ma'lum qilinishicha, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish ishlarida mas'uliyatsizlik qilgani uchun Kattaqo‘rg‘on va Samarqand tuman hokimlarining birinchi o‘rinbosarlari ishdan bo‘shatilgan. Ishtixon tuman hokimi o‘rinbosariga hayfsan berilgan.

Qayd etilishicha, Samarqand viloyatida 379,5 ming gektar sug‘oriladigan yerlar bor. Ularning suvga bo‘lgan talabi 3,5 milliard m³ni, viloyatga ajratilgan suv limiti esa 2,2 milliard m³ni tashkil etadi. Viloyatda suv tanqisligi o‘rtacha 1 milliard m³.

Kuz-qishda yog‘ingarchilikning kam bo‘lishi suv zaxiralari kamayishiga sabab bo‘ldi. Bunday vaziyat suv tejovchi texnologiyalardan ko‘proq foydalanishni taqozo etadi. Ammo viloyatda bu masalada holatni qoniqarli deb bo‘lmaydi.

Ta'kidlanishicha, prezidentning 2020 yil 11 dekabrdagi qaroriga ko‘ra, viloyatda 2021 yilda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish ikki barobarga, jumladan, 38 ming gektardan oshiq maydonni tashkil etishi kerak. Ammo viloyatda bu sohada olib borilayotgan ishlarda yetarlicha kamchiliklar bor.

Jumladan, maxsus tuzilgan ishchi guruh hisobotiga ko‘ra, Kattaqo‘rg‘on, Urgut, Samarqand, Ishtixon, Narpay va Qo‘shrabot tumanlarida suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish borasidagi ishlar o‘z vaqtida amalga oshirilmagan. Bundan tashqari, viloyatda tomchilatib sug‘orish texnologiyalarini joriy etish ishlariga mablag‘ ajratishi lozim bo‘lgan tijorat banklari ham sustkashlikka yo‘l qo‘ygan.

Top