Tibbiyotni qo‘llab-quvvatlash uchun nima qilish kerak?
Hozir O‘zbekistonda tibbiyot sohasini rivojlantirish uchun qilinayotgan ishlar yo‘q emas, bor. Fikrimcha, davlat biron sohani o‘zi rivojlantira olmayotgan bo‘lsa, uni xususiy sektorga berishi kerak. Shunda rivojlantirishni ular olib ketadi. Hozirda Toshkentda 2 mingta klinika bor va bu juda ko‘p. Davlat klinikalarini qanday rivojlantirish mumkinligi bo‘yicha bir yechimni ayta olaman. Bu – sug‘urta. Sug‘urta tizimi takomillashtirilsa, tibbiyotga investitsiya kiritish uchun mablag‘ muammosi qisman hal bo‘ladi.
Chet el tajribasiga qaraydigan bo‘lsak, u yerda tibbiyot uchun davlat budjetidan katta mablag‘ ajratiladi. Ammo bizda aholi ko‘pligi bois, tibbiyotga ko‘p pul ajratish yechim emas. Undan ko‘ra, sug‘urta tizimi samarali tashkil etilsa, aholi o‘zi “men sug‘urtam uchun pul to‘laganman”, deydi va qayeridir og‘rib qolsa, xususiy klinikaga ham borishi mumkin. Uning chekini, pulini xususiy klinika sug‘urta kompaniyasidan olaveradi.
“Ayol vrach qidiramiz, ammo ayol-qizlarni shifokor bo‘lishga targ‘ib qilmaymiz”

Ayol-qiz shifokorlarning tibbiyotda yetishmasligini juda og‘riqli holat deb bilaman. Asosan doyalikda yetishmaydi. Misol uchun, rafiqangiz homilador bo‘lganda ayol doyalarni qidirib yurasiz. Ushbu sohada mehnat qilayotgan ayollarga moliyaviy tomondan ham yordam berish lozim, deb o‘ylayman. Bu borada yana bir muammo bor – hammasi mentalitetga borib taqaladi. O‘zimiz ayol vrach qidiramiz, ammo ayollarni, qizlarni shifokor bo‘lishga targ‘ib qilmaymiz.
O‘z faoliyatim davomida ikki marta ayol jarrohlar bilan gaplashganman. Ular ayol kishi xirurgiya sohasini tanlashda ko‘p narsalardan voz kechishi kerakligini ta'kidlab o‘tishgan. Misol uchun, operatsiya kechki paytga belgilangan bo‘lsa, tungi smenalarga qolish kerak bo‘ladi. Ayrim hollarda, uyda bo‘la olishmaydi ham. Fikrimcha, bunday rejimda ishlashga ularning turmush o‘rtog‘i ruxsat bermaydi.
“Qadriyatlar ustunmi yoki daromad?”
Tibbiyot sohasida 7 yil o‘qib, 3 oy ishlaganman, xolos. Mana shu muddatda bu soha men uchun emasligini anglaganman. Moliyaviy tomondan erkin bo‘lsangiz, bemalol shifokorlik bilan shug‘ullana olasiz. Ko‘pchilik bilmaydigan omillar bor. Bu muammo faqat bizda emas, rivojlangan davlatlarda ham bor. Shifokorning asosiy daromadi, bemordan pul olmayotgan bo‘lsa ham, uning yozayotgan tashxisi va tavsiya etayotgan dorisiga bog‘liq bo‘ladi. Muayyan kompaniya, dorixona “mening dorimni tavsiya bering”, deb o‘sha dori sotilganda daromaddan ma'lum foiz berishadi. Shifokorlarning bu ishga qo‘l urishiga sabab oylik maoshlari kam ekanligi, deb ayta olaman. Shifokorlik - odamlar ishonadigan mas'uliyatli kasb. Yuqoridagi holatda shifokor o‘ziga “mening qadriyatlarim ustunmi yoki daromadmi?” deb savol berib ko‘rishi kerak. Bu yerda kurash ketadi: shifokor qimmat doriga muqobil sifatida ta'sir kuchi biroz pastroq, ammo davolasa bo‘ladigan dori-darmonlarni maslahat berishi yoki aksincha, qimmat dorilar bilan davolanishni yozib berishi ham mumkin.














