Iqtisodiyot | 11:09 / 01.03.2021
2957
2 daqiqa o‘qiladi

Fevralda tovarlar va xizmatlar narxi 0,6 foizga qimmatlashdi

Joriy yilning fevral oyi inflatsiyasi 0,6 foiz, yillik inflatsiya esa 11,4 foizni tashkil etmoqda.

2021 yilning fevral oyida iste'mol sektoridagi tovarlar va xizmatlar o‘rtacha 0,6 foizga qimmatlashdi. Joriy yilning dastlabki ikki oyi davomida narxlar o‘sishi 1,7 foizni, o‘rtacha oylik o‘sish sur'ati esa 0,8 foizni tashkil etdi.

Statqo‘m xabariga ko‘ra, joriy yilning fevral oyida yillik inflatsiya 11,4 foizni tashkil etgan. Taqqoslash uchun, 2020 yilning fevral oyida umumiy yillik inflatsiya ko‘rsatkichi 13,5 foizga teng bo‘lgandi.

2021 yil fevralida xizmatlar 0,8 foiz, oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlar narxlari 0,6 foizga qimmatlashgan. 2020 yilning dekabr oyi bilan taqqoslanganda, oziq-ovqat mahsulotlari 1,8 foiz, nooziq-ovqat mahsulotlari 1,1 foiz, xizmatlar 2,2 foizga qimmatlashgan.

Fevralda eng yuqori sur'atda narx o‘sishi guruhlar bo‘yicha spirtli ichimliklar va tamaki mahsulotlari hisobiga (2 foiz) to‘g‘ri kelgan.

Oziq-ovqat sektorida esa yog‘ va moy mahsulotlari (1,4 foiz) va mevalar (1,7 foiz)da narxlarning eng yuqori o‘sishi kuzatilgan.

Avvalroq, yanvar oyida 1 foizlik inflatsiya qayd etilib, oziq-ovqat mahsulotlari 1,2 foizga, nooziq-ovqat mahsulotlari 0,5 foizga, xizmatlar narxi esa 1,4 foizga ko‘tarilgani ma'lum qilingandi.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yil davomida inflatsiya ko‘rsatkichi 11,1 foiz bo‘lgani qayd etilgan. O‘tgan yili oziq-ovqat mahsulotlari narxi 15,3 foizga ko‘tarilgan.

Shu bilan birga, Markaziy bank 2021 yilda inflatsiya darajasi 9–10 foiz bo‘lishini prognoz qilgan.

Mavzuga oid