22:17 / 03.03.2021
4972

Davlat test markazi testlar mazmuniga aralashmaydi – milliy sertifikatsiya tizimida testlar tuzilishi bo‘yicha izoh berildi

 Davlat test markazi Milliy test tizimiga testlarni tuzishda ishtirok etmaydi. AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida Davlat test markazining bu jarayonga aralashuvi kuzatilayotgani haqidagi savolga izoh berildi.

 Davlat test markazi direktori o‘rinbosari Sardor Rajabov milliy test tizimini tuzish Xalq ta'limi vazirligi va Ta'lim inspeksiyasi zimmasiga yuklatilgani va ish ular tomonidan amalga oshirilayotgani, lekin Davlat test markazi binosidan foydalanilayotganini ma'lum qildi.

«Nima sababdan bunday qilinyapti? Chunki DTMda maxsus bino bor. Bu binoda testlarning tashqariga chiqib ketishining oldini olish uchun barcha xavfsizlik choralari ko‘rilgan.

 Vazirlik va inspeksiya tomonidan bildirilgan taklifga ko‘ra, test markazi ular uchun faqatgina sharoit yaratib beryapti. Lekin ekspertlarni boshqarish va boshqa hamma ishlar shu ikki tashkilot tomonidan bajarilyapti», dedi DTM mutasaddisi.

Xalq ta'limi vazirligi boshqarma boshlig‘i Laziz Xo‘jaqulov ham Davlat test markazi testlarning mazmuniga aralashmasligi ta'kidlab o‘tdi.

 «Faqat bizga yordam berilyapti bino masalasida. Bu jarayonni tashkil qilishda DTMning o‘ziga yarasha tajribasi bor. Xavfsizlik masalasiga alohida e'tibor berish maqsadida markaz binosidan foydalanilyapti, bu testlarni tuzish jarayoniga ular aralashadi degani emas», dedi u.

Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari Odil Qo‘ysinovga ko‘ra, bu binodan foydalanish ekspertlar tomonidan taklif qilingan. Lekin testlar mazmuni va ekspertlar salohiyatiga Xalq ta'limi vazirligi va Ta'lim inspeksiyasi javobgar hisoblanadi.

Avvalroq, O‘zbekistonda milliy test tizimining ilk namunalari 3 mart kuni e'lon qilindi, test sinovlari esa aprel oyining birinchi o‘n kunligida o‘tkazilishi aytilgan edi.

Top