Jahon | 14:02 / 05.03.2021
13783
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh qirg‘izistonlik jinoiy avtoritet haqidagi axborot uchun 5 million dollar va'da qildi

AQSh davlat departamenti qirg‘izistonlik jinoiy avtoritet Qamchibek Kolbayevni hibsga olishga yoki uning jinoiy tashkiloti moliyaviy oqimlarini izdan chiqarishga yordam beruvchi axborot uchun mukofot pulini 5 mln dollargacha oshirdi. 

Avvalroq 46 yoshli Kolbayev haqidagi axborot uchun va'da qilingan mukofot puli 1 mln dollarni tashkil qilgan.  

Davlat departamentida ta'kidlanishicha, qirg‘izistonlik jinoiy avtoritet 2000 yilda jinoiy guruhdagi sobiq xo‘jayini hayotiga suiqasd qilish va yana 2 kishining o‘ldirilishi uchun sudlanib, 25 yilga ozodlikdan mahrum qilingan. Biroq u panjara ortida 6 yil o‘tkazgach, u yerdan qochib ketgan.

2012 yilda AQSh maxsus xizmatlari Kolbayevni dunyodagi eng yirik narkobaronlar ro‘yxatiga kiritgan. Bundan tashqari, u AQSh hukumati tomonidan sobiq ittifoq davlatlaridan bo‘lgan 10 jinoiy avtoritet nomi kiritilgan “qora ro‘yxat”ga tushgan.  

AQSh moliya vazirligi ma'lumotlariga ko‘ra, Kolbayev “Birodarlik halqasi” xalqaro jinoiy guruhiga kiradi, poraxo‘rlik, odam savdosi hamda boshqa noqonuniy faoliyatlar bilan shug‘ullanadi. 

Kolbayev 2020 yil 22 oktyabrda Bishkekda qo‘lga olingan. 2021 yil 24 fevralda Bishkek tuman sudlaridan biri uni hibsda ushlab turish muddatini 22 martgacha uzaytirgan. Biroq 2 mart kuni Bishkek shahar sudi hay'ati unga nisbatan ehtiyot chorasini hech qayoqqa chiqib ketmaslik haqidagi tilxatga o‘zgartirib, ozodlikka chiqargan.  

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid