Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Davolanishga muhtoj ehtiyojmand xotin-qizlarning davolanishi uchun 30 mlrd so‘m yo‘naltiriladi
Prezident “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini ta'minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.
Xotin-qizlar va oilani qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi sifatida qayta tashkil etilmoqda va uning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:
og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarga, shu jumladan nogironligi bo‘lgan shaxslar, nogironligi bo‘lgan farzandlarini tarbiyalayotgan, kam ta'minlangan, farzandlarini to‘liqsiz oilada tarbiyalayotgan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj xotin-qizlarga uy-joylarning boshlang‘ich badalini to‘lab berish;
xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, sog‘lig‘ini saqlash, ayollar sportini rivojlantirish, mehnat va o‘qish sharoitlarini yaxshilash bilan bog‘liq tadbirlarni moliyalashtirishga ko‘maklashish;
xotin-qizlarning tadbirkorlik tashabbuslarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash uchun tijorat banklariga resurs mablag‘larini belgilangan tartibda joylashtirish;
xotin-qizlarga mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblar bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni egallashlari uchun zarur sharoitlar yaratish bilan bog‘liq tadbirlarni moliyalashtirishga ko‘maklashish.
Belgilab qo‘yilishicha, respublika kengashi Jamg‘arma mablag‘lari xarajatlari parametrlarini tasdiqlaydi, mablag‘lardan to‘g‘ri va samarali foydalanish bo‘yicha doimiy monitoring o‘rnatadi.
Belgilanishicha:
a) Jamg‘arma har yili AT “Xalq banki”ga 100 milliard so‘m miqdoridagi mablag‘larni 2021 yilda Markaziy bank asosiy stavkasidan 4 foiz past stavkada, 2022 yildan boshlab esa Markaziy bank asosiy stavkasida yo‘naltiradi;
b) quyidagi dasturlarni muvaffaqiyatli o‘zlashtirgan xotin-qizlarga mazkur mablag‘lar hisobidan tuman (shahar) mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari tavsiyasiga ko‘ra, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun 3 yilgacha muddat va 6 oygacha imtiyozli davr bilan Markaziy bank asosiy stavkasida bazaviy hisoblash miqdorining 150 baravarigacha bo‘lgan miqdorda kreditlar ajratiladi:
Tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi hamda Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi tomonidan ma'qullangan dasturlar asosida tashkil etilgan o‘quv kurslarini;
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining “Ishga marhamat” monomarkazlari, kasb-hunarga o‘qitish markazlari, mahallalardagi kasb-hunarga o‘qitish maskanlari hamda Xotin-qizlar tadbirkorlik markazlari yoki nodavlat ta'lim muassasalarining kasbga o‘rgatish o‘quv kurslari maxsus o‘qitish dasturlarini;
v) ajratiladigan kreditlar, istisno tariqasida, 2022 yil 1 yanvarga qadar Markaziy bank asosiy stavkasi doirasida, 2022 yil 1 yanvardan tijorat banki tomonidan bozor tamoyillari asosida mustaqil ravishda belgilanadigan stavkalarda beriladi. Bunda, tijorat banklari tomonidan bozor tamoyillari asosida mustaqil ravishda belgilanadigan stavkalarda beriladigan kreditlar bo‘yicha foiz xarajatlari bir qismini kompensatsiya qilish mexanizmi qo‘llaniladi;
g) Xotin-qizlar va oilani qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi orqali Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi huzuridagi “Obod va xavfsiz mahalla” jamg‘armasiga va “Mahalla va oila” institutiga Davlat budjetidan ajratib kelingan mablag‘lar 2021 yildan boshlab Moliya vazirligi tomonidan to‘g‘ridan to‘g‘ri “Obod va xavfsiz mahalla” jamg‘armasiga va “Mahalla va oila” institutiga ajratiladi.
Moliya vazirligi:
a) 2021 yilda “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” va “Temir daftar”ga kiritilgan xotin-qizlarni uy-joy bilan ta'minlash maqsadida, ularga ipoteka kreditlari bo‘yicha boshlang‘ich badalni to‘lab berish va ijtimoiy uy-joylar sotib olish uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlariga:
noturar joylarda istiqomat qilayotgan ayollarni uy-joy bilan ta'minlashga – 10 milliard so‘mdan;
otasidan ayrilgan, yolg‘iz onasi qaramog‘ida bo‘lgan voyaga yetgan uy-joyga muhtoj xotin-qizlarni uy-joy bilan ta'minlashga – 5 milliard so‘mdan mablag‘ ajratadi;
b) bir hafta muddatda ayollar muammolarini tizimli va manzilli ravishda o‘rganish va hal etish doirasida shakllantirilgan maxsus jarrohlik amaliyotlari o‘tkazish orqali davolanishga muhtoj ehtiyojmand xotin-qizlar ro‘yxatidagi hamda “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” va “Temir daftar”ga kiritilgan xotin-qizlar davolanishi uchun Jamg‘armaga 30 milliard so‘m yo‘naltiradi.
Belgilanishicha, mazkur chora-tadbirlarni moliyalashtirishga O‘zbekiston prezidenti topshiriqlariga asosan hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish xarajatlari uchun ajratilgan mablag‘lar hisobidan jami 240 milliard so‘m yo‘naltiriladi.
Mavzuga oid
18:41 / 23.06.2026
O‘zbekistonda 464 ta yonilg‘i quyish shoxobchasi faoliyati vaqtincha to‘xtatildi
08:32 / 17.03.2026
Yirik va megaloyihalar uchun parallel ekspertiza amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi
15:31 / 14.03.2026
Har ikki yilda 3 ming nafar statistika mutaxassisi o‘qitiladi
10:12 / 10.03.2026