Jahon | 12:58 / 06.03.2021
3227
2 daqiqa o‘qiladi

YuNISEF: 168 milliondan ortiq bola qariyb bir yil davomida maktabga bormagan

Karantin cheklovlari natijasida 168 milliondan ortiq bola bir yildan beri maktabga bormagan, shuningdek, dunyodagi har yetti boladan biri kunduzgi ta'limning to‘rtdan uch qismida qatnashmagan.

Foto: UNICEF via Getty Images

SOVID-19 pandemiyasi sababli o‘rnatilgan karantin cheklovlari natijasida dunyo bo‘ylab 168 milliondan ortiq bola bir yildan beri maktabga bormagan. Bundan tashqari, 214 millionga yaqin o‘quvchi yoki dunyodagi har yetti boladan biri kunduzgi ta'limning to‘rtdan uch qismida qatnashmagan.

YuNISEF tahlillari shuni ko‘rsatmoqdaki, dunyoning 14 mamlakatidagi maktablar 2020 yil martidan boshlab, 2021 yil fevraligacha asosan yopiq bo‘lgan. Ushbu mamlakatlarning uchdan ikki qismi Lotin Amerikasi va Karib dengizi havzasida joylashgan bo‘lib, bu yerdagi 98 million maktab o‘quvchisi maktabga borish imkoniyatiga ega bo‘lmagan.

«Dunyo bo‘ylab o‘rnatilgan favqulodda holat sabab ta'lim olishda cheklovlar o‘rnatildi. O‘tayotgan har bir kun bilan, ta'lim olishdan uzilib qolgan bolalar tobora ortda qolmoqda va bu uchun hali eng og‘ir to‘lov to‘lanadi. Biz ushbu bolalar uchun cheklangan yoki maktabga borish imkoniyati yo‘q ikkinchi yilni o‘tkazishga qodir emasmiz», dedi YuNISEF ijrochi direktori Henriyetta For.

YuNESKO so‘nggi ma'lumotlariga ko‘ra, dunyo bo‘ylab 888 milliondan ortiq bola maktablarning to‘liq va qisman yopilishi sababli ta'lim olishda uzilishlarga duch kelmoqda. Bu holat bolalar nikohi va ularni majburiy mehnatga jalb qilish xavfini oshirishi aytib o‘tilgan.

«O‘quvchilar o‘z sinflariga qaytib kelganda, ularni qayta tiklash va o‘qishni davom ettirishi uchun qo‘llab-quvvatlash kerak bo‘ladi. Maktabni qayta ochish rejalari bolalarning yo‘qolgan ta'limini tiklash bo‘yicha harakatlarni o‘z ichiga olishi kerak», deyilgan bayonotda.

Mavzuga oid