Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Mudofaa vazirligi tenderida g‘oliblikni va'da qilib, 40 ming dollarni o‘zlashtirgan shaxsga sud hukmi o‘qildi
Mudofaa vazirligi tomonidan o‘tkazilayotgan kiyim-bosh va choyshablar tikib topshirish bo‘yicha tenderlarda g‘olib bo‘lish uchun ikki nafar tadbirkorning har biri ushbu shaxsga 20 ming AQSh dollari bergan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudi sudyasi Abdulla Muhiddinov raisligida firibgarlikka oid yana bir ish ko‘rib chiqildi. Ayblanuvchi Xayrulla Amirov (ism-sharif o‘zgartirilgan) 2019 yil aynan firibgarlik bo‘yicha Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan Jinoyat kodeksi 62-moddasi tartibida eng kam oylik ish haqining 373,5 baravari miqdorida 75 719 655 so‘m jarima jazosi tayinlanganiga qaramasdan yana shu ishga qo‘l urgan.
Bu safar u tikuvchilik bilan shug‘ullanuvchi, pandemiya tufayli tayyor mahsulotini sota olmay buyurtmalarga muhtoj bo‘lib turgan ikki nafar tadbirkorni “o‘lja” sifatida tanlab olgan.
Bu shaxs ularga Mudofaa vazirligi tomonidan juda katta hajmda buyurtmalar berish uchun tender o‘tkazilayotgani, agar kerakli mablag‘ berilsa, harbiylar kiyim-boshi hamda choyshablar uchun maxsus tenderda g‘olib chiqishlari mumkinligini bildirgan.
Jabrlanuvchilar ishonchiga kirish uchun Xayrulla Amirov ularni o‘zi ijaraga olgan binoga taklif qilgan va ofisi sifatida tanishtirib, bergan pullari shu yerdagi seyfda saqlanishi, tenderda g‘olib bo‘lmaguncha ishlatilmasligiga ishontirgan.
Har ikki tadbirkor Xayrulla Amirovga kelishilgan 20 ming AQSh dollari miqdoridagi mablag‘ni topshirgan va tender natijalarini kuta boshlagan. Ammo bu pullar ayblanuvchi tomonidan shaxsiy maqsadlarda ishlatilib yuborilgan.
Toshkent shahar sudining Jamoatchilik va OAV bilan hamkorlik bo‘yicha bosh konsultantining ma'lum qilishicha, sud sudlanuvchi tomonidan firibgarlik jinoyati natijasida jabrlanuvchilarga yetkazilgan moddiy zarar to‘liq qoplanganini inobatga olgan hamda unga Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan, Jinoyat kodeksi 57-moddasini qo‘llab, ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 3 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosini tayinlagan.
Mavzuga oid
23:08 / 23.02.2026
Ijtimoiy tarmoqlardagi «dipfeyk» firibgarliklar rekord darajaga yetdi
15:24 / 19.02.2026
Fuqarolar MyGov orqali bank kartalari va SIM-kartalari sonini ko‘ra oladi
14:03 / 19.02.2026
IIV akademiyasiga kiritib qo‘yishni va’da qilganlar ushlandi
15:21 / 14.02.2026