Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
16 yil ichida YeChL chorak finalida ilk bor Messi va Ronaldu o‘ynamaydi. Lekin Mbappe va Holand bo‘ladi
Turnirni tark etganiga qaramay, «Barselona» Chempionlar ligasi bilan munosib xayrlashdi.
Chempionlar ligasi. 1/8 final. Javob o‘yini
«PSJ» (Fransiya) — «Barselona» (Ispaniya) — 1:1 (1:1)
Gollar: Mbappe, 31 — penaltidan (1:0). Messi, 37 (1:1).
Aniq ijro etilmagan penalti: Messi, 45+3 (darvozabon).
«PSJ»: Navas, Kurzava (Diallo, 46), Florensi (Dagba, 76), Markinyus, Kimpembe, Geyye (Danilu Pereyra, 59), Draksler (Di Mariya, 59), Verratti (Rafinya, 84), Paredes, Ikardi, Mbappe.
«Barselona»: ter Shtegen, Jordi Alba, Langle, Mingesa (Firpo, 35), Dest (Trinkan, 66), Buskets (Pyanich, 79), de Yong, Messi, Grizmann, Dembele (Moriba, 79), Pedri (Breytueyt, 79).
Ogohlantirishlar: Kurzava, 8. Mingesa, 25. Langle, 30. de Yong, 38. Geyye, 50. Paredes, 50. Ikardi, 89.
Hakam: Entoni Teylor (Angliya).
10 mart. Parij. «Park de Prens» stadioni.
Birinchi o‘yin — 4:1.
«Kamp Nou»dagi 4:1 hisobidan keyin «PSJ» muxlislari xotirjam bo‘lishi kerakdek edi. Ammo ularning xotirasidan hali o‘sha 1:6 hisobi o‘chmagan, fanatlarda to‘rt yil o‘tib ham «Barselona»ga o‘sha o‘yin hakami Deniz Aytekinning ayrim qarorlari tufayli e'tirozlar bor. Natijada parijlik muxlislar «Park de Prens»dagi uchrashuvga hali hech narsa hal qilinmagandek tayyorgarlik ko‘rishdi. Kataloniyaliklar jamoasi tunagan mehmonxona yaqinida tun bo‘yi mushakbozlik qilindi, tongga yaqin fanatlardan biri mehmonxonaning yong‘inga qarshi signalizatsiyasini yoqib yubordi, uni tezda politsiya qo‘lga oldi.
Bunday tayyorgarlikdan keyin o‘yin ham zerikarli bo‘lmasligi tayin edi. Aynan birinchi o‘yindagi fiaskodan keyin «Barselona» bosh murabbiyi Ronald Kuman uch nafar markaziy himoyachi sxemasiga o‘tdi. Bu Ispaniya Kubogi yarim finalida «Sevilya»ga qarshi kechgan o‘yinda (0:2dan keyin 3:0 va final) o‘zini oqladi, shundan keyin ko‘k-anorranglilar nisbatan kuchsizroq raqibga («Osasuna» bilan 2:0) qarshi ham shu taktikani qo‘lladi.
Ammo parijliklarga qarshi o‘yin uchun tarkibga futbolchilarni tanlashda asosiy e'tibor hujumga qaratilmagandi. Pikening jarohati tufayli de Yong himoyada o‘ynashga majbur bo‘lmoqda - undan tashqari himoya markazida tez-tez «qovun tushiruvchi» Kleman Langle va yosh Oskar Mingesa tushirildi. Niderlandiyalik futbolchi hujumga o‘tish vaqtida ancha oldinga chiqmoqda va maydon markazida Buskets bilan bir xil vazifa bajarmoqda. Natijada maydonda ancha bo‘shashgan va xotirjamlikka berilgan «PSJ» fonida kataloniyaliklar ancha qiziqroq ko‘rinishdi.
Mehmonlar juda o‘zgacha o‘yin namoyish etishmagandek, ammo tanaffusgacha tabloda 1:3 hisobi yonib turganida ham hech kim hayron qolmagan bo‘lardi. Bu shunchaki juda qulay vaziyatlardan kelib chiqib aytilganda. O‘yinda uzoqdan berilgan chiroyli zarbasi bilan Chempionlar ligasidagi 120-golini urgan Messi birinchi bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqalarda penaltini aniq ijro eta olmadi. Bu mavsumda turnirda to‘rt bor 11 metrlik zarbadan gol urgan argentinalikning bu safargi zarbasi Keylor Navasning oyoqlaridan darvoza to‘siniga borib qaytdi.
Yana bir vaziyatda darvoza to‘sini Destning zarbasidan keyin mezbonlarni qutqardi, bundan tashqari, Dembele ko‘p marta parijliklar himoyasidagi tartibsizliklardan foydalana olmadi - parijliklar ko‘plab uzun uzatmalarni o‘tkazib yuborishdi va agar Dembelening omadi kelganida, tanaffusga qadar ham het-trik qayd etgan bo‘lardi. Maurisio Pochettino jamoasi darvozasiga yo‘llangan 16 aniq zarbadan 4tasi ushbu fransuz hujumchiga tegishli bo‘ldi.
Qolaversa, «Barsa»ning surunkali muammolari yechilmasdan qolmoqda, yanvarda klubning sobiq xazinachisi Karles Tuskets boshchiligidagi vaqtinchalik ma'muriyati Erik Garsiyani sotib olish uchun arzimagan 5 million yevroni ayadi. Endi bu ispaniyalik qadrdon klubiga yozda, «Manchester Siti» bilan shartnomasi muddati yakuniga yetganidan keyin erkin agent sifatida keladi, jamoaning hozirgi himoyachilari esa ideal o‘yinda ham jamoa uchun qandaydir muammo o‘ylab topishga yarashmoqda, xolos.
Parijda Langle o‘ta beso‘naqayligi tufayli penaltiga sababchi bo‘ldi - u to‘p yo‘nalishini kuzata turib, Ikardining oyog‘ini bosib oldi, Mbappega qarshi hech narsa qila olmagan va ikkinchi marta sariq kartochka olishiga bir baxya qolgan Mingesa esa birinchi bo‘limdayoq maydondan olindi. Bunday raqiblarga qarshi o‘yinda parijlik vunderkind Messining YeChLdagi rekordlaridan yana birini yangiladi - u asosiy yevrokubokdagi 25-golini undan ertaroq urdi - 22 yoshu 80 kunligida. 30 yoshni qoralayotgan Grizmannda ham shuncha gol bor. Ammo, aftidan, Mbappeni ham boshqa bir yosh futbolchi quvib o‘tadigan ko‘rinadi - shitob bilan ta'qib qilib kelayotgan 20 yoshli Holand allaqachon 20talik dovonni zabt etib ulgurdi.
Alaloqibat «Barsa»ning umidlarini Mbappe emas, shu kuni fantastik o‘yin ko‘rsatgan Navas ko‘mdi. Aftidan, «Real»ning sobiq darvozaboni uchun sobiq azaliy raqibga qarshi o‘yinda yutqazmaslik muhim edi. Kosta-rikalik darvozabonning seyvlari bo‘lmaganida, o‘yinning ikkinchi bo‘limi juda shiddatli kechgan bo‘lardi. U o‘yin davomida 9ta seyv amalga oshirdi.
Ko‘k-anorranglilar so‘nggi 14 yil ichida ilk marta chorak finalga chiqa olmagan bo‘lishsa-da, o‘tgan mavsumda «Bavariya»dan qabul qilib olingan 2:8 hisobidagi mag‘lubiyatdan farqli ravishda, bu safar turnir bilan boshni baland ko‘targan holda xayrlashishdi. «PSJ» Kataloniya poytaxtidan juda qulay hisob bilan qaytgan va javob o‘yinida ortiqcha kuch ishlatmasdan o‘ynadi, deb hisoblasak ham.

Buyog‘iga nima bo‘ladi? Yangi prezident Joan Laporta hammasi yaxshi bo‘lishiga va'da bermoqda. Ko‘p ehtimolki, Messi bilan davom etiladi, u o‘tgan kun juda yomon o‘yin ko‘rsatgan Krishtianu Ronaldudan farqli ravishda charchagan faxriydek ko‘rinmadi. Lekin bu asosiy xulosani bekor qila olmaydi: 2005 yildan buyon ilk bor bu ikki yulduz YeChL chorak finalida o‘ynamaydi. Lekin u yerda Mbappe va Holand bo‘ladi.

Mavzuga oid
18:03 / 11.06.2026
Messi va Ronalduda 6-mundial, Mbappe Klozedan o‘tishi mumkin. JCh-2026 intrigalari
15:43 / 31.05.2026
Parijda «PSJ» fanatlari tartibsizlik keltirib chiqardi – fotolar
00:04 / 31.05.2026
«PSJ» ketma-ket ikki marta YeChL g‘olibi bo‘ldi
20:37 / 16.05.2026