Jahon chempionatining navbatdagi kunida syurprizlar bo‘lmadi. Fransiya birinchi bo‘limni nursiz o‘tkazganiga qaramay, baribir Kilian Mbappening dubli evaziga Senegalni taslim etdi (3:1). Keyin esa Erling Holand yetakchiligidagi norvegiyaliklar Iroqqa hech qanday imkoniyat qoldirishmadi (4:1), undan keyin Argentina Jazoir bilan o‘yinda Messining gollari evaziga yirik hisobda g‘alaba qozondi (3:0), Avstriya esa Iordaniyani mag‘lub etdi (3:1).

Maydon tashqarisida ham qiziqarli voqealar bo‘lib o‘tmoqda: Tunis yangi bosh murabbiyga ega bo‘ldi, koreyaliklar jurnalistlarga boykot e’lon qildi, inglizlar va o‘zbekistonliklar o‘yinga bir kun qolganida yakuniy tarkibdagi futbolchilarini almashtirishdi.

Holand jahon chempionatida debyut qildi

Iroq – Norvegiya 1:4
Gollar: Holand, 29 (0:1). Husayn, 39 (1:1). Holand, 43 (1:2). Estigor, 76 (1:3). Husayn, 90+6 – avtogol (1:4)
Iroq: Jalol, Tahsin, Hoshim, Doski, Ali (Saadun, 73), Al-Ammariy, Ismoil (Farji, 59), Yasim (Qosim, 73), Bayyesh (Muhanad, 78), Al-Hamadi (Iqbol, 59), Husayn
Norvegiya: Nyulann, Ayyer, Heggem, Volfe (Estigor, 73), Ryuerson, Berge, Eursnes (Torstvedt, 73), Nusa (Bobb, 73), Edegor (Berg, 81), Syorlot (Shelderup, 73), Holand
Ogohlantirish: Tahsin, 86

Iroq va Norvegiya juftligi favorit aniq edi. Garchi ikki jamoa ham jahon chempionatiga uzoq tanaffusdan keyin (mos ravishda 1986 va 1998 yillar) qaytgan bo‘lsa-da, tarkiblar borasidagi farq juda katta edi. Va bu maydonda ham o‘z so‘zini aytdi.

O‘yin starti norveglar uchun kutilganidek oson kechmadi: ular ancha vaqtgacha iroqliklarning himoya devorini buza olishmadi. Suv ichib olish uchun qilingan tanaffusda esa skandinavlar yangicha texnologiyani namoyish etishdi – futbolchilar bu vaqtda muz solingan maxsus salqinlantiruvchi ryukzaklar taqib olishdi. Bundan faqat Erling Holand foydalanmadi.

Shu kuni ushbu forvardga katta e’tibor qaratilgandi – o‘z avlodining asosiy yulduzlaridan biri sanalgan ushbu futbolchi faoliyatida ilk marta jahon chempionatiga chiqqandi. U qattiq harakat qildi: ma’lumot uchun, Holand Yevropadagi saralash turnirida sakkiz o‘yinda 16 gol bilan yaqqol to‘purar bo‘lgandi. U jahon chempionatida ham o‘z darajasini namoyish etib, birinchi bo‘limdayoq dublni rasmiylashtirdi. E’tiborli tomoni, u 43 daqiqa ichida Norvegiyaning jahon chempionatlari tarixidagi eng yaxshi to‘purari (2) Xetil Andre Rekdalning natijasini takrorladi. Rekdal o‘z gollarini ikkita jahon chempionatidagi yetti o‘yinda urgandi.