17:02 / 11.03.2021
6824

Samarqandda jinoyat sodir etishi va uning qurboni bo‘lishi ehtimoli tufayli 70 mingdan oshiq shaxs maxsus ro‘yxatga olingan

Samarqand viloyatida 2020 yil davomida jinoyat sodir etishi va uning qurboni bo‘lishi ehtimoli yuqori bo‘lgan 70 ming 151 nafar shaxs maxsus ro‘yxatga olingan. Bu haqda bugun 11 mart kuni viloyat hududida sodir etilayotgan jinoyat va huquqbuzarliklarning ahvoli hamda ularning oldini olish profilaktikasi borasida amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumanida ma'lum qilindi.

Samarqand viloyat IIB boshlig‘i o‘rinbosari Akrom Halimovning ma'lum qilishicha, 2020 yil davomida jinoyatchilikning oldini olish maqsadida bir qator profilaktik tadbirlar o‘tkazilgan.

Jumladan, sodir etilgan jinoyatlar tahlilidan kelib chiqqan holda hamkor tashkilotlar tomonidan «Xavfsiz mahalla» konsepsiyasi tizimi faoliyatini tashkil etish va muvofiqlashtirish maqsadida huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olish profilaktikasi bo‘yicha Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi bilan hamkorlikda «Jinoyat sodir etishi ehtimoli mavjud hamda jinoyat qurboni bo‘lishi ehtimoli yuqori bo‘lgan shaxslar bilan hamkorlikda olib borilishi lozim bo‘lgan profilaktik tadbirlarni tashkil etish» haqidagi qo‘shma qarori ishlab chiqilgan.

Qayd etilishicha, mazkur qo‘shma qarorga asosan hududiy ichki ishlar hamda mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limlari hamkorlikda Samarqand viloyatidagi 1 100 ta mahallada yashovchi 3 million 928 ming nafar shaxs orasidan jinoyat sodir etishi va jinoyat qurboni bo‘lishi ehtimoli yuqori bo‘lgan 70 ming 151 nafar shaxsning maxsus ro‘yxati shakllantirilgan. Mazkur shaxslar 44 ta toifaga ajratilib, ular bilan profilaktik tadbirlar o‘tkazilgan.

Shuningdek, viloyat hududida yashovchi jinoyat sodir etishi ehtimoli yuqori bo‘lgan shaxslar bilan tezkor-profilaktik tadbirlarni yanada kuchaytirish maqsadida:

  • «Taftish» tadbiri (10.08.2020 kundagi 47-sonli farmoyishi asosida);
  • 20 sentyabr kunidan 20 oktyabr kuniga qadar «Tazyiq va zo‘ravonlikka qarshi kurashish oyligi» maxsus profilaktik tadbiri (19.09.2020 yil №4/3QF-sonli Qo‘shma farmoyishga asosida);
  • 20 avgust kunidan 20 sentyabr kuniga qadar «Ichkilikbozlikka qarshi kurashish oyligi» maxsus profilaktik tadbirlari (19.08.2020 yildagi 41-sonli farmoyish asosida) o‘tkazilgan.

Bundan tashqari, «Turmush» va «Tozalash-Antiterror», «Nazorat«, «Tig‘» va «Davomat» tadbirlari o‘tkazilgan.

Ta'kidlanishicha, mazkur yo‘nalishlardagi olib borilgan profilaktik tadbirlar 2021 yilda ham davom ettirilmoqda.

Ma'lumot uchun, 2020 yilda har bir mahallada profilaktika inspektorlari lavozimi joriy etilib, viloyat IIB safida xizmat qilayotgan uchastka inspektorlari soni 1 096 nafarga yetkazilgan.

Top