15:53 / 11.03.2021
9388

Xorijiy valuta xaridi karantindan oldingi davr ko‘rsatkichiga qaytdi

Joriy yil yanvar-fevral oylarida xo‘jalik sub'yektlari tomonidan ichki valuta bozoridan tovar va xizmatlar importi uchun xorijiy valuta xaridi 1,72 mlrd dollarni tashkil etib, qariyb karantindan oldingi davr ko‘rsatkichiga (2020 yil yanvar-fevral 1,77 mlrd dollar) teng bo‘ldi.

Markaziy bank xabariga ko‘ra, moliyaviy resurslarga, xususan, kredit va xorijiy valutaga bo‘lgan talab ham bosqichma-bosqich tiklanib bormoqda. Yanvar-fevral oylarida tijorat banklari tomonidan ajratilgan kreditlar hajmi 18,8 trln so‘mni tashkil etib, 2020 yilning mos davriga nisbatan (18,7 trln so‘m) biroz oshdi.

Respublika tovar-xomashyo birjasidagi umumiy aylanma fevral oyida yanvar oyiga nisbatan 26,5 foizga va o‘tgan yilning mos oyiga nisbatan 1,6 barobarga ko‘paydi. Banklararo to‘lov tizimi orqali amalga oshirilgan tranzaksiyalarning umumiy soni ham fevral oyida o‘tgan oyga nisbatan 19,6 foizga oshdi.

Tashqi talabning tiklanib borishi sharoitida joriy yilning yanvar-fevral oylarida eksport tushumlari (oltinni hisobga olmaganda) o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 8 foizga o‘sib, 1,4 mlrd dollarga yetdi. Bunda, fevral oyida eksportdan tushumlar 743 mln dollarni tashkil etib, yanvar oyiga nisbatan 13 foizga o‘sdi.

Transchegaraviy pul o‘tkazmalari bo‘yicha tushumlar joriy yilning yanvar-fevral oylarida 892 mln dollarni tashkil etib, 2020 yilning mos davriga nisbatan 14 foizga oshdi.

Ta'kidlanishicha, ushbu omillar ichki valuta bozorida taklifni qo‘llab quvvatlashga xizmat qildi va natijada milliy valuta almashuv kursi nisbatan barqaror shakllanib, 2021 yil 1 mart holatiga devalvatsiya darajasi yil boshiga nisbatan 0,6 foizni tashkil etdi.

Top