O‘zbekiston | 18:30 / 12.03.2021
2339
2 daqiqa o‘qiladi

Senatorlar «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi qonunni ma'qulladi

Oliy Majlis Senatining o‘n uchinchi yalpi majlisida «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi Qonun ko‘rib chiqilib, senatorlar tomonidan ma'qullandi. 

Mazkur qonunning maqsadi sifatida davlat xaridlari sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan ochiq va shaffof, samarali va yaxlit tizimni yaratish belgilandi.

«Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi amaldagi qonunning ijrosida yuzaga kelayotgan muammolar ushbu qonunni qabul qilish zaruriyatini vujudga keltirgani ta'kidlandi.

Xususan, xaridlarning aksariyat qismi ochiqlik va shaffoflikni ta'minlovchi axborot-kommunikatsiya tizimidan foydalanmagan holda amalga oshirilgani, xarid qilish tartibini nazorat qilish tizimining bugungi talabga javob bermasligi hamda davlat xaridlari sohasidagi hujjatlarga rioya etmaslikka yo‘l qo‘yish holatlarining ko‘payishi kabi kamchiliklar uchrayotganligi ta'kidlandi.

Muhokama jarayonida 2019 yilda 729ta holatda 2 trln 908 mlrd so‘mlik shartnomalarning buyurtmachilar tomonidan berilgan buyurtmalar bo‘yicha tender savdolari o‘tkazilmasdan bitimlar tuzilishiga yo‘l qo‘yilgani ma'lum qilindi.

Muhokama qilinayotgan qonun:

  • davlat xaridlariga yo‘naltiriladigan budjet mablag‘lari va boshqa markazlashgan manbalarni maqsadli ishlatish;
  • hukumatning kafolatlangan kredit resurslaridan samarali foydalanishni ta'minlash;
  • davlat sektorini zarur tovar, ish va xizmatlar bilan ta'minlashda qisqa muddatlarda «narx-sifat» ko‘rsatkichlarini uyg‘unlashtirish;
  • korrupsiyaga qarshi kurashishda samarali natijalarga erishish kabi bir qator muhim natijalarga erishishga xizmat qilishi ta'kidlandi.

Ma'lumot uchun, «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi qonunning amaldagi tahriri 2018 yil 9 aprelda qabul qilingan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid