16:05 / 13.03.2021
7644

Tesla investori Maskni «milliardlab dollar» zarar yetkazgan tvitlari uchun sudga berdi

Da'vogarning ta'kidlashicha, Tesla direktorlar kengashi Ilon Maskning internetdagi harakatlarini jilovlay olmagan va u «kengash ma'qullamasdan turib tvitlarini e'lon qilishda davom etgan».

Foto: Getty Images

Tesla investori Cheyz Gerriti kompaniya direktorlar kengashi va uning asoschisi hamda rahbari Ilon Maskni sudga berdi. Bu haqda Bloomberg Law xabar bermoqda.

Xabarda aytilishicha, da'vo Maskning Twitter tarmog‘idagi «tartibsiz» tvitlari Tesla kompaniyasiga «milliardlab dollarlik» zarar yetkazgani uchun kiritilgan. 

Da'vogarning ta'kidlashicha, Tesla direktorlar kengashi Ilon Maskning internetdagi harakatlarini jilovlay olmagan va u «kengash ma'qullamasdan turib tvitlarini e'lon qilishda davom etgan».

«Maskning nazoratsiz tvitlari kompaniyaning moliyaviy qobiliyatiga jiddiy ta'sir ko‘rsatadi», deyiladi da'vo arizasida.

 Gerriti misol sifatida Maskning 2020 yil 1 mayda yozgan tvitini keltirgan. O‘shanda milliarder bozor uning kompaniyasi aksiyalarini aslidagidan ortiq narxga baholayotganini yozgandi. Ushbu tvitdan so‘ng Tesla aksiyalari narxi 10 foizdan ortiqroqqa tushib ketgan.

Mart oyida AQShning 30 mingdan ortiq aholisi orasida so‘rov o‘tkazgan Piplsay kompaniyasi ko‘plab investorlar Ilon Maskning tvitlari asosida ish ko‘rishlarini ma'lum qilgandi. So‘rovda qatnashganlarning 37 foizi Tesla rahbarining tvitlariga asoslanib mablag‘ kiritganini aytgan. Ularning 21 foizi buni bir yoki ikki marta, 16 foizi esa bir necha marta amalga oshirgan.

Mavzuga oid
Top