O‘zbekiston | 19:44 / 15.03.2021
4003
2 daqiqa o‘qiladi

«Binolar qulab tushmasligi uchun». IHHQJF qurilish maydonlarida qonun talablariga rioya qilinishini nazorat qiladi

O‘zbekiston Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Qurilish vazirligi bilan hamkorlikda qurilish maydonlarida texnik va loyiha talablariga qanchalik amal qilinayotgani yuzasidan jamoatchilik nazoratini amalga oshiradi.

Federatsiya ijrochi direktori Inomjon Tog‘ayev Milliy matbuot markazida bo‘lib o‘tgan tadbirda shu haqda ma'lum qildi. E'tiborli tomoni shundaki, federatsiya bevosita xususiy sektorda qurilayotgan bino va inshootlar sifatini ham nazorat qila oladi.

 «Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi hamda Qurilish vazirligi o‘rtasida memorandum imzolandi. Unga binoan, endilikda, davlat va xususiy sektor sub'yektlari tomonidan barpo qilinayotgan qurilish inshootlarining sifati, xavfsizligi, shuningdek, ularda belgilangan texnik qoidalarga rioya qilinishida jamoatchilik nazoratini Qurilish vazirligi bilan hamkorlikda olib boramiz», - dedi Inomjon Tog‘ayev.

Inomjon Tog‘ayev

 Bundan tashqari, hokimliklar tomonidan amalga oshiriladigan «snoslar» mavzusi ham nazoratda bo‘ladi. Federatsiya va Qurilish vazirligi ishchi guruhi mahalliy hokimliklar tomonidan amalga oshiriladigan «snos» ishlarida qonunchilik talablariga rioya qilinishini o‘rganib boradi.

 «Ijtimoiy tarmoqlarda qurilish va buzishlar bilan bog‘liq ko‘plab e'tirozlarga guvoh bo‘lmoqdamiz. Jizzaxdagi voqea, misol uchun. Qurilish vazirligida (qurilish qilayotgan) xususiy sektor – ya'ni tadbirkorlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri tekshirish vakolati berilmagan. Lekin, “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi qonun bor.

 Axir qurilayotgan uylarda, ijtimoiy soha obektlarida fuqarolar yashaydi, ishlaydi. Xudo ko‘rsatmasin, soha vakili qurmasa, ertaga u binoda nimadir bo‘lsa, insonlar taqdiri yotibdi. Shu bois, bu monitoring natijalari OAV orqali yoritib boriladi», - dedi Federatsiya ijrochi direktori.

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid