O‘zbekiston | 23:45 / 16.03.2021
29566
13 daqiqa o‘qiladi

CoviShield O‘zbekistonga kelmoqda. Vaksinatsiya haqida so‘nggi ma'lumotlar

O‘zbekistonda tez orada aholini koronavirusga qarshi emlash boshlanadi. Mamlakat 17 martga o‘tar kechasi Toshkent xalqaro aeroportida Covishield vaksinalaridan 660 ming dozani qabul qilib oladi.

Foto: Getty Images

Fevral oyi boshida O‘zbekiston Britaniyadagi Oksford universiteti va AstraZeneca kompaniyasi tomonidan tayyorlangan vaksinadan 2,6 million doza olishi haqida xabar berilgandi. Bugun esa O‘zbekistonga Hindistonda ishlab chiqarilayotgan CoviShield vaksinasi olib kelinayotgani ma'lum bo‘ldi.

5 mart kuni respublikaga shprits va xavfsiz utilizatsiya qutilari keltirilib, taqsimot asosida joylarga tarqatilgandi. 

Sanitariya-epidemiologiya xizmati xabariga ko‘ra, 1,98 million dollarlik vaksinalar Toshkent xalqaro aeroportiga soat 01:55da yetib keladi. Ular YUNISEF tomonidan COVAX dasturi doirasida olib kelinmoqda. Vaksinalar O‘zbekistonga bepul yetkazib beriladi.

2,6 million dozalik miqdorning 35-40 foizi 2021 yilning birinchi choragida, qolgan qismi ikkinchi chorakdan dunyo bo‘ylab vaksinalarni ishlab chiqarish imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda, bosqichma-bosqich yetkazib berilishi rejalashtirilgan.

Covishield bu AstraZeneca’mi?
Bu vaksinalar bir-biridan farq qilmaydi. CoviShield - AstraZeneca vaksinasining hindcha muqobili hisoblanadi. AstraZeneca 2020 yil kuzida Hindistonning Serum instituti (Serum Institute) bilan koronavirusga qarshi vaksina ishlab chiqish bo‘yicha kelishuv imzolagan. Vaksina ishlab chiqarish bo‘yicha dunyodagi yetakchilardan bo‘lgan bu institut AstraZeneca’ni litsenziya asosida ishlab chiqarmoqda. Hindlarning Astra Zeneca’sining mahalliy nomi CoviShield deb ataladi. Institutda oyiga 50 million dozadan ortiq vaksina ishlab chiqarish mumkin.

AstraZeneca vaksinasi Hindistondan tashqari Janubiy Koreyada ham ishlab chiqarilmoqda. JSST ikki ishlab chiqaruvchini ham ma'qullab bergan.

Hindiston Lotin Amerikasi, Karib dengizi havzasi, Osiyo va Afrikadagi 71 davlatga 58 million doza vaksina yetkazib beradi. Bu davlatlar orasida Buyuk Britaniya, Kanada, Braziliya va Meksika kabi davlatlar bor.

AstraZeneca qanday ishlaydi?
Oksford vaksinasi deb ham ataladigan AstraZeneca Oksford universiteti va AstraZeneca nomidagi ingliz-shved farmatsevtik kompaniyasi hamkorligida ishlab chiqilgan.

Bu vaksina vektor texnologiyalari asosida ishlab chiqarilyapti. Bunday texnologiyada bir virusning genetik materialini yetkazish uchun oddiy shamollashning adenoviruslar oilasidan bo‘lgan boshqa bir virusning qobig‘idan foydalaniladi. Bu yillar davomida vaksina yaratilishida foydalanib kelingan texnologiya. Masalan, Ebola virusiga qarshi vaksina shunday yaratilgan.

Oksford tadqiqotchilari shimpanze adenovirusidan foydalanishadi. Kasallik qo‘zg‘atuvchi adenovirus geni yo‘q qilinadi. Uning o‘rniga koronavirus oqsili kodi bilan gen joylashtiriladi. Bu immun tizimiga turib bera olish va antitanachalar ishlab chiqarish imkonini beruvchi xavfsiz texnologiyadir. Antitanachalar esa odamni shikastlanishdan saqlaydi. Vaksina bu – sog‘lom odam tez tuzalib ketishi kafolatlangan holda virus yoki bakteriya bilan atay shikastlashdir.

Vaksina patsiyent tanasiga kiritilganida, u immun tizimini antitanalar ishlab chiqarishni boshlashga hamda har qanday koronavirus infeksiyasiga hujum qilishga undaydi.

Uni tashish va saqlash talablari boshqa vaksinalar bilan solishtirganda ancha oson — vaksina 2–8 darajada, oddiy muzlatkichlarda yaxshi saqlanadi. Masalan, Pfizer-BioNTech tomonidan tayyorlangan vaksina -70 darajada saqlanishi kerak bo‘ladi va uni faqat cheklangan miqdorda tashish mumkin.

Covid-19’ga qarshi himoyalashda samaradorligi - 62 foizdan 90 foizgacha.

Vaksinatsiya qanday bo‘ladi?
CoviShield vaksinasi ikki dozada tanaga yuboriladi - oraliq 4 haftadan 12 haftagacha bo‘ladi.

Ayrim tadqiqotlarga ko‘ra, birinchi va ikkinchi dozalar orasida uzoqroq oraliq bo‘lgan holatda vaksinaning samaradorligi nisbatan yuqoriroq bo‘ladi. Sinovlarda dastlab yarim doza, keyingi safar butun doza yuborilganida samaradorlik 90 foizgacha yetgan.

AstraZeneca vaksinalari Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va Yevropa dori-darmon agentligi (EMA) tomonidan foydalanish uchun tasdiqlangan. 

Buyuk Britaniya, Braziliya va Janubiy Afrikada 23 mingdan ortiq kishida o‘tkazilgan keng ko‘lamli klinik sinovlari AstraZeneca - xavfsiz va 18 yoshdan kattalarni Covid-19 profilaktikasi uchun emlashda samarali ekanini ko‘rsatgan. Keyinroq vaksina 6 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lganlarda ham sinalgan.

SOPA IMAGES GETTY IMAGES

Nojo‘ya ta'sirlar
Dastlab ko‘plab davlatlar hukumatlari AstraZeneca’ni 65 yoshdan kattalarga qo‘llamaslikni tavsiya qilgandi. Bu xavotir AstraZeneca vaksinasi sinovlari vaksina ular uchun samarali ekani haqida xulosa chiqarishga yetgulik darajadagi ko‘p sonli keksa kishilarda sinalmaganiga asoslangandi.

Oksforddagi guruh rahbari, professor Endryu Pollard AstraZeneca vaksinasini 65 yoshdan kattalarga qo‘llashda xavotirlanishga hojat yo‘qligini aytib chiqqan.

Shuningdek, AstraZeneca Janubiy Afrika shtammiga qarshi (kasallikning yengil va o‘rta shakllarida) himoyalay olmasligi haqida xabarlar tarqalgandi. Ammo kompaniyadagilar vaksina koronavirusga qarshi boshqa vaksinalar kabi antitanalar ishlab chiqarishiga asoslangan holda u jiddiy holatlardan himoyalay olishiga ishonch bildirishgandi.

So‘nggi kunlarda Yevropa davlatlarida ushbu vaksinaga ishonchsizlik paydo bo‘ldi. Qonda tromblar paydo bo‘lishi kuzatilgani sabab AstraZeneca vaksinasi bilan emlash Daniya, Norvegiya, Islandiya, Italiya, Avstriya, Estoniya, Latviya, Litva, Lyuksemburg, Germaniya, Fransiya, Ispaniya, Bolgariya, Niderlandiya, Portugaliya, Kipr, Sloveniya va hatto Shvetsiyada ham to‘xtatilgani, Tailandda esa keyinga qoldirilgani ma'lum qilindi.

Martin Bureau / AFP / Scanpix / LETA

JSST va kompaniya munosabati
JSST AstraZeneca vaksinasidan foydalanishni to‘xtatishga sabab ko‘rmayotganini ma'lum qilgan. «Ha, biz AstraZeneca vaksinasini qo‘llashda davom etishimiz kerak. Uni ishlatmaslik uchun hech qanday sabab yo‘q», deya ta'kidlagan tashkilot vakili Margaret Harris.

Keyinroq AstraZeneca emlashning nojo‘ya ta'siri to‘g‘risidagi xabarlarga javob berdi. 

«Bemorlarning xavfsizligi AstraZeneca uchun eng ustuvor masala. Tartibga soluvchilar faqat samaradorligi yuqori va xavfsiz vaksinalarni foydalanish uchun tasdiqlaydi va AstraZeneca kompaniyasining vaksinasi shundaylardan biri. Vaksinaning xavfsizligi batafsil o‘rganilgan va ijobiy xulosa berilgan», deb ta'kidlagan kompaniya vakili.

Yevropaning Dori-darmon vositalari agentligi (EMA) ma'lumotlariga ko‘ra, Yevroittifoq hududida AstraZeneca vaksinasi bilan emlanganlarning 37 nafarida (17 million kishidan) tromb paydo bo‘lish holati qayd etilgan. Bu hodisa vaksinadan foydalanish bilan bog‘lanmagan, lekin o‘lim holatlarini tekshirish davom etmoqda.

Agentlik rahbari Emer Kukning bu vaksinaning foydasi xavfidan ko‘ra ustunroq ekaniga ishonchi komil.

«Biz bilamizki, YeIda minglab kishilarda tromboz bo‘ladi, biz emlanganlardagi bunday holatlarning asl sababi nimaligini bilishni istaymiz. Tadqiqotlar davom etmoqda, ammo ayni paytda Covid-19'dan himoyalaydigan, shifoxonaga yotish va o‘lishdan saqlaydigan AstraZeneca’ning foydasi xavfdan yuqori ekaniga qat'iy ishonamiz», degan Emer Kuk.

EMA tadqiqotlari natijalari payshanba kuni e'lon qilinishi kutilmoqda.

Kukning aytishicha, emlanganlarda tromboz yuzaga kelishi sabablari bo‘yicha tadqiqot natijalari payshanba kuni ma'lum bo‘ladi.

O‘zbekiston esa ushbu vaksinadan foydalanadi

Tibbiyot fanlari doktori, professor Xayrullo Mustafoyev yuqoridagi holatlardan so‘ng ham vaksina O‘zbekistonga olib kelinadimi, degan savolga javob bergan.

«Xabarlarni men ham o‘qidim. O‘ylab ko‘raylik, Daniya, Shvetsiya Yevropa davlatlari ichida eng rivojlangani. Ular ham shu vaksinadan foydalanyapti. Endi hozir to‘xtatib qo‘ydi. AstraZeneca hamma sinovlardan o‘tgan, JSST tomonidan tavsiya berilgan. Bizning olimlar ham uni tekshirgan. Vahimaga yoki xavotirga o‘rin yo‘q», deydi u.

Shuningdek, professor qonida koronavirusga qarshi antitanachalar mavjud bo‘lgan odamlar emlanmagani ma'qulligini ta'kidladi.

«Antitanacha bo‘lsa, nima qilamiz yana emlab. Buni bamaslahat tibbiyot xodimlarimiz, olimlarimiz yana tavsiya beradi. Dastlabki jarayonda muhtoj aholini himoyalash kerak», deydi tibbiyot fanlari doktori.

Kimlar birinchi emlanadi?

O‘zbekistonda birinchi navbatda koronavirusga qarshi emlanadigan aholi soni 4 mln 112 ming 668 nafarni tashkil etadi.

Birinchi navbatda koronavirusga qarshi emlanadigan aholi qatlamlari:

  • 65-74 yoshgacha bo‘lgan qariyalar – 1 mln 85 ming 797 nafar;
  • 75 yoshdan 84 yoshgacha bo‘lgan keksalar – 388 ming 686 nafar;
  • 85 yosh va undan yuqori keksalar – 139 ming 280 nafar;
  • Tibbiyot xodimlari – 447 ming 976 nafar;
  • Surunkali kasalliklari bor aholi (18-65 yosh) – 888 190 nafar;
  • Maktab o‘qituvchilari – 689 ming 383 nafar;
  • Maktabgacha ta'lim muassasasi xodimlari – 223 ming 426 nafar;
  • Qurolli kuchlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari – 180 ming nafar.

O‘zbekistonda emlash jarayoniga 3138ta emlash punktlari, 862ta mobil brigadalar (har birida 1 nafar oilaviy shifokor, 1 nafar vaksinator va 1 nafar muolaja hamshirasi mavjud) jalb etilgan. Vaksina olib kelinishi ko‘paygach, xususiy klinikalarda ham emlash ishlari amalga oshiriladi.

Ushbu fuqarolar o‘zlari yashaydigan hududlardagi tibbiyot muassasalarida tashkil etilgan emlash xonalarida emlanadi.

Kimlarga emlanish tavsiya etilmaydi?
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Nurmat Otabekov COVID-19’ga qarshi kimlarga emlanish tavsiya etilmasligi, emlangandan keyin qanday asoratlar bo‘lishi mumkinligi haqidagi savollarga javob bergan.

«Emlash tadbirlarini amalga oshirish paytida ushbu vaksinani ishlab chiqargan tashkilotning tavsiyalariga amal qilinadi. OIV infeksiyasiga yoki autoimmun kasalliklariga chalingan shaxslarni, shu jumladan, anamnezida og‘ir allergik reaksiyalari mavjud bo‘lgan shaxslarni, homiladorlarni, emizikli ayollarni va 18 yoshgacha bo‘lgan aholi qatlamini emlash tavsiya etilmaydi.

Har qanday holatda ham emlash to‘g‘risidagi qaror tibbiy ko‘rik natijasida qabul qilinadi. Mabodo emlashga monelik qiladigan u yoki bu turdagi holatlar kuzatilsa, tibbiy ko‘rik o‘tkazayotgan shifokor, albatta, unga e'tibor qaratadi», deydi u.

O‘zbekistonga yana qanday vaksinalar keladi?
O‘zbekistonda koronavirusga qarshi ilk vaksina sifatida Xitoyning Zhifei Longcom Biopharmaceutical Co. Ltd kompaniyasi bilan hamkorlikda ishlab chiqarilgan vaksina 1 mart kuni davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. O‘zbekistonning hissasi va sa'y-harakatlarini inobatga olib, kompaniya ZF 2001 vaksinani birga yaratgan hammuallif mamlakat sifatida belgiladi. Ushbu yangi vaksinani ZF-UZ-VAC 2001 nomi bilan ishlab chiqarish foydalanishga kelishilgan.

Xitoy kompaniyasi mazkur vaksinani hamkorlikda ishlab chiqarish uchun O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan bir qator farmatsevtika korxonalari faoliyatini o‘rganib, laboratoriya hamda texnik va ishlab chiqarish quvvatlarini inobatga olib, Jurabek Laboratories MChJ qo‘shma korxonasini tanlagan. Ushbu vaksina 1 mart kuni davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.

JSST qo‘llashga ruxsat bergan Pfizer hamda BioNTech korxonalari tomonidan ishlab chiqilgan vaksinani O‘zbekistonda ham emlash jarayoniga jalb qilish uchun 100 ming dozaga rasman buyurtma berilgan. Ushbu vaksina Germaniya ko‘magi bilan COVAX tashabbusi doirasida yetkazib beriladi. Germaniya kansleri Angela Merkel 12 mart kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan onlayn uchrashuv vaqtida mart oyi oxirida O‘zbekistonga koronavirusga qarshi vaksinaning birinchi yirik partiyasi yetkazib berilishini ma'lum qilgandi.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati rahbarining o‘rinbosari Botirjon Qurbonov hozirda Toshkentdagi Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasida Pfizer-BioNTech vaksinasini 70 daraja sovuqda saqlash imkonini beradigan muzlatkichlar hozirlab qo‘yilganini bildirgan.

Fevral oyi o‘rtalarida O‘zbekistonda Rossiyaning «Sputnik V» vaksinasini qo‘llashga ruxsat berildi. Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov «Sputnik V» vaksinasi O‘zbekistonda ro‘yxatga olinganini aytgan, bu vaksinadan 1 million doza sotib olinishi kutilmoqda.

Koronavirus info kanali

Mavzuga oid