15:01 / 16.03.2021
7418

Qarshi shahar hokimligida ishlovchi shaxs firibgarlik qilib ehtiyojmand ayollardan 1000 dollar olgani aniqlandi

Foto: RIA Novosti

Qarshi shahar hokimligida jamoatchilik asosida ishlovchi shaxs ikki nafar ayoldan kam ta'minlangan fuqarolarga imtiyoz asosida beriladigan uy-joydan olishda yordam berishini aytib, ularning har biridan 500 AQSh dollari miqdoridagi pullarni olgan. Bu haqda IIV huzuridagi tergov departamenti ma'lum qilmoqda.

Qayd etilishicha, 2021 yilning 4 fevral kuni 26 yoshli Rustam M. Qarshi shahar hokimligi binosida 46 yoshli Dilafruz B. va 37 yoshli Dilafruz A.ga o‘zini hokimlikning murojaatlar bo‘limi xodimi deb tanishtirgan. So‘ng, ayollarga kelgusida boshlang‘ich to‘lovi to‘lanmaydigan kam ta'minlangan fuqarolarga imtiyoz asosida beriladigan uy-joylar olishda yordam berishini va'da qilib, ularning har biridan ro‘yxatga olinganlari uchun davlat boji sifatida deb aldov yo‘li bilan 500 AQSh dollaridan jami 1000 dollar pul mablag‘larini olib, o‘z ehtiyojlariga ishlatib yuborgan.

Olib borilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida ma'lum bo‘lishicha, Rustam M. hech qayerda ishlamaganligi sabab, shahar hokimligida jamoat ishlarida yordam berishi maqsadida jalb qilinib, ish o‘rgatilayotganligi, murojaatlar bo‘limiga kelgan fuqarolarning eng nozik muammolarini bilib olib oson pul topish maqsadida ushbu jinoyatni sodir qilganligi aniqlangan. 

Mazkur holat yuzasidan Qarshi shahri bo‘yicha IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Rustam M.ga nisbatan jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi «b» bandi (Firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va u protsessual tartibda ushlangan. Hozirda tergov davom etmoqda.

Ma'lumot uchun, 2019 yil 28 noyabrda «Ipoteka krediti mexanizmlarini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident farmoni qabul qilingan. Unda kam ta'minlangan va uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo‘lganlarga ipoteka krediti bo‘yicha dastlabki badal va (yoki) foizlarning bir qismini qoplash uchun davlat budjeti mablag‘lari hisobidan subsidiyalar to‘lanishi belgilangan. 2020 yil 25 martda Vazirlar Mahkamasining 182-sonli qarori bilan ayrim shaxslarga uy-joy sotib olishda (ipoteka kreditlari to‘lovi uchun) subsidiyalar to‘lash tartibi belgilangan.

Top