Oxirgi paytda inklyuziv ta'lim tushunchasi tez-tez tilga olinmoqda, ko‘pchilik bu tushunchani nogironligi bor bolalarning sog‘lom bolalar bilan bir maktabda, bir sinfda o‘qishi, bir partada o‘tirishi deb tushunadi xolos.

"Aslida, faqat bu emas. Inklyuziv ta'lim hamma bolalarning bir xil maktab va bir xil sinfxonada – bir xil sharoitda ta'lim olishini anglatadi. Ya'ni imkoniyati cheklangan bola sog‘lom bolalar bilan bir xil e'tiborda o‘qiy olishi kerak. Kam ta'minlangan oilaning farzandi kambag‘al oiladan bo‘lgani uchun ta'mirlanmagan maktabga borishi kerak emas", – deydi O‘zbekiston  Nogironlar uyushmasi raisi Oybek Isoqov.

O‘zbekistonda oilaviy sharoitidan qat'i nazar, barcha bolalar davlat umumta'lim maktablariga qatnaydi. Bu davlat tomonidan kafolatlangan. Faqat xohlovchilar o‘z yonidan pul to‘lab xususiy maktablarda o‘qishi mumkin. Lekin imkoniyati cheklangan bolalarning boshqa sog‘lom bolalar bilan teng sharoitda o‘qiyotgani haqida maqtanib bo‘lmaydi. Bu borada muammolar ko‘p. 2020 yil 13 oktyabrda qabul qilingan «Alohida ta'lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarga ta'lim-tarbiya berish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qarorida bu boradagi asosiy muammolar sanalgan:

  • alohida ta'lim ehtiyoji bo‘lgan bolalar o‘qitiladigan ayrim ta'lim muassasalarida ular uchun to‘siqsiz muhit va imkoniyatlar yaratilmagan;
  • alohida ta'lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar o‘qitiladigan ta'lim muassasalari zarur adabiyotlar, metodik qo‘llanmalar, turli kasblarga o‘qitishga mo‘ljallangan uskuna va jihozlar bilan to‘liq ta'minlanmagan;
  • alohida ta'lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarning bilim olish huquqi, inklyuziv ta'lim tizimining mazmun-mohiyati haqida jamoatchilik o‘rtasida tushuntirish ishlarini olib borish yo‘lga qo‘yilmagani natijasida ota-onalar alohida ta'lim ehtiyojlari bo‘lgan farzandlarini umumta'lim muassasalarida o‘qitishi mumkinligi haqida yetarli ma'lumotga ega emas;
  • alohida ta'lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarni inklyuziv ta'limga jalb qilish bilan bog‘liq muammolarni hal etish masalalariga mahalliy ijro hokimiyati organlari tomonidan yetarli e'tibor qaratilmayapti;