Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«O‘zbek futbolidan raddiya». Futboldagi pullar boshqa sohalarda o‘rinli ishlatilishiga ishonish mumkinmi?
So‘nggi paytlarda, ayniqsa, Jizzaxda bo‘lib o‘tgan uchrashuvdan so‘ng, futbol va futbolni moliyalashtirish mavzusi yana kengaydi, tashqariga chiqdi. Ijtimoiy tarmoqlar, mashhur blogerlar futbolning korrupsiyaga botgani, Superliga klublariga budjetning bir chaqasi ham sarflanmasligi kerakligi haqida yoza boshlashdi.
«Har yili BIR NeChA YuZ MILLIARD SO‘M budjet pullari shu rasvo futbolimizga ketyapti, bundan biror foyda bo‘lyaptimi? Undan ko‘ra bu pullarni ta'limga, maktablarga sarflasa millat uchun ming marta foyda bo‘lardi. Men to‘lagan soliqlardan 1 so‘m ham futbolga berilishiga aslo rozimasman!!! Qo‘lidan kelsa jamoalar o‘zi pul ishlab topsin va ana shunda bilganini qilsin», deb yozdi Xushnud Xudoyberdiyev.
«Futbolga ketayotgan milliardlab pulning yarmi ta'limga, ilmga, maktablar olimpiadalariga yo‘naltirilsa, yurt ko‘proq foyda topadi deb o‘ylayman. Bular na bir chempion bo‘lyapti, na bir to‘g‘ri o‘ynayapti. 2 kundan beri matbuotda futboldagi korrupsiya mavzusi», deydi Komil Allamjonov o‘zining telegram sahifasida.
Albatta, bu fikrlarga men ham qo‘shilaman. Zero o‘zim ham bu mavzuda juda ko‘p bor yozganman. Agar pul beriladigan bo‘lsa, hamma klubga teng taqsimlanishi kerakligi tizimini ham taklif qilib ko‘rganman. Umuman, budjet futbolga pul ajratmasligi lozimligi haqida ham yozganlarim bor.
Bularning bari futbolni yomon ko‘rishim, o‘zbek futboliga qarshi ekanimdan emas, aksincha, futbol faqat shu yo‘l bilan rivojlanishi mumkin, deb hisoblaganim tufayli. Qachondir aynan mana shu yo‘ldan boriladi, tekinga baliq emas, hech bo‘lmasa, qarmoq tarqatiladi va klublarimizda ham, umumiy Ligamizda ham xo‘jalik faoliyati yuzaga keladi, buni chin dildan istayman.
Ammo bunday takliflar boshqa bir kontekstda tilga olinganda, kulgim qistaydi. «Agar futbolga sarflanayotgan pullar ta'limga sarflansa...», «agar futbolga sarflanayotgan pullar sog‘liqni saqlash tizimiga yo‘naltirilsa...», «agar shu pul...», «agar shu pullar...»
Xo‘sh, ayting, ta'lim tizimimizni rivojlantirish uchun qancha kerak? Necha yuz milliard berilsa, sog‘liqni saqlash tizimi havas qilgulik holatga keladi? Necha trillion so‘mni ilm-fanga ajratsak, olimlarimiz ko‘payadi? Jahonni lol qoldiradigan, ajdodlarimiz haqida xit serial yaratish uchun necha milliard kerak? Aniq raqamlar bormi?
Xalq ta'limi vaziri chiqib, yana mana shuncha pul bo‘lsa, Yaponiya darajasiga chiqamiz, deb bir har qanday katta raqamni ayta oladimi? Aytsa ham, o‘zi ishonadimi?
Aniq raqam menga ham qiziq emas, lekin tushunib turibsiz-ku, hech qaysi sanalgan sohada gap pulga taqalib qolmaganini? Gap tizimda, munosabatlarda, kadrlarda ekanini aytib, men ham so‘z o‘yini qilishim mumkin-ku, to‘g‘rimi?
Futbol fozillar jamiyatimizni kemirayotgan bir illat emas, balki butun jamiyatimizning xuddi xalq ta'limi, sog‘liqni saqlash, parlament, moliya, qishloq xo‘jaligi, umuman hamma sohalardagi kabi in'ikosi xolos-ku?
Yo‘q.
Yaxshiroq.
Har holda, futbolda nohaq hukm chiqargan sudya ustidan butun xalq «beg‘araz» deb qichqira oladi va ularga hech narsa bo‘lmaydi.
Futbolda «Nasaf» «Paxtakor» bilan maydonda bellashadi, unga raqobat qila olmasa-da, bunga urinib ko‘ra oladi, buning uchun antimonopoliya ham, bojxona imtiyozlari ham shart emas.
Futbolda, yurtimning bir burchagida ikki boy kelishib, futbol klubi tuzishi va chempionlik uchun kurashishi mumkin. Qiyin. Lekin mumkin.
Har holda, mana shu botqoqdagi futbolimiz boshqa rivojlangan mamlakat murabbiylari yoki futbolchilari bilan bellasha oladigan murabbiylar va futbolchilar yetishtiradi.
Faqat futbolda, «gasterbayter» bo‘lib Italiyaga yoki Koreyaga ketgan yurtdoshlarimiz bayrog‘imizni baralla ko‘tara oladi. U yerga borib, o‘zimizning futbolni yomon ko‘rib qolmaydi, minnatdor bo‘ladi hatto...
Har holda, futbolda har to‘rt yilda g‘alvir ko‘tariladi, yolg‘on-u rost bo‘lsa-da, sarhisob qilinadi, jurnalistlar to‘nini teskari kiyadi...
...bosh murabbiy almashadi.
Qachonki...
Qachonki, orqasida milliardlab xarajatlar tikilib qo‘yilgan bir tadbirkor «h... lar pulimni birovning solig‘i uchun yechib olibdi, qachongacha, kim oxirigacha boradi?...» deb xuddi Islom Ismoilovdek gapira olsa-yu, unga hech narsa bo‘lmasa, futboldagi pullar boshqa sohalarda o‘rinli ishlatilishiga ishonishim mumkin.
Ungacha...
Ungacha, davlatdan pul olmaydigan telekanalda ko‘rsatilayotgan eri bor fohishalar haqidagi serialni ko‘rmoqchi bo‘layotgan qizlarimni boshqa uyga haydayman-da, davlat pul beradigan «Sport» kanalida «Bunyodkor» – «Turon» o‘yinini tomosha qilib, to‘lagan bir so‘m solig‘imga rozi bo‘lib qo‘yaman.
Qahramon Aslanov
Mavzuga oid
21:07 / 13.05.2026
Superliganing eng qimmat futbolchilari reytingi tuzildi
08:38 / 05.05.2026
Superligada jahon chempionati yakuniga qadar tanaffus e’lon qilindi
22:14 / 29.04.2026
Superliga. «Paxtakor» ochko yo‘qotdi, «Neftchi» yana peshqadam bo‘lib oldi
17:43 / 25.04.2026