O‘zbekiston | 15:33 / 19.03.2021
3265
4 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda qurilish mahsulotlari ishlab chiqarish jarayoni jadallashtiriladi - Hukumat qarori loyihasi

Vazirlar Mahkamasining “Samarqand viloyatida xorijiy investorlar bilan hamkorlikni rivojlantirish orqali qurilish mahsulotlari ishlab chiqarishni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Qayd etilishicha, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 17 maydagi “Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanida sement zavodi qurilishini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 412-son qaroriga muvofiq, “Gansu Hengya Cement Co.,Ltd” (Xitoy) kompaniyasi tomonidan Kattaqo‘rg‘on tumanida umumiy qiymati 340 mln dollar to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hisobiga yillik quvvati 2,4 mln tonna bo‘lgan, shuningdek yaratiladigan ish o‘rinlari soni 600tani tashkil etadigan sement ishlab chiqarish zavodi qurish belgilangan.

Investitsiya loyihasini amalga oshirish maqsadida Kattaqo‘rg‘on tumani hokimligi hamda investor o‘rtasida 2018 yil 12 dekabrda “Investitsiya bitimi” imzolangan hamda tumanning “Yangi hayot” massividan 38,5 gektar yer maydoni ajratilgan, shuningdek 2018 yilda investorning 80 foiz ulushidan tarkib topgan “Hengyuan Cement” MChJ QK ta'sis etilgan va “Kizilsayskoye (2009)” gil koni qismidan sement xomashyosi uchun foydali qazilmalar qazib olishga litsenziya berilgan.

Bildirilishicha, 2019-2020 yillarda investor tomonidan jami 9,1 mln AQSh dollari miqdoridagi to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiya mablag‘lari o‘zlashtirilib, jahon miqyosida ro‘y bergan koronavirus pandemiyasi ta'sirida yuzaga kelgan moliyaviy qiyinchiliklar sababli investitsiya loyihasini moliyalashtirish ishlari to‘xtab qolgan.

Qaror loyihasi bilan loyiha parametrlariga quyidagi o‘zgartirishlarni kiritish nazarda tutilgan:

loyihani amalga oshirish bosqichlarini birlashtirgan holda, klinker ishlab chiqarish hajmini sutkasiga 7500 tonna qilib belgilash;

loyihani amalga oshirish hamda bojxona, soliq va ko‘p martalik kirish vizalari bo‘yicha imtiyozlar muddatini 2023 yil 30 iyunga qadar uzaytirish;

loyiha doirasidagi qurilish-montaj ishlarini 2022 yil 31 dekabrga qadar, bir vaqtning o‘zida loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish bilan amalga oshirish.

Ichki va tashqi bozorlarda talab barqaror bo‘lgan zamonaviy hamda raqobatbardosh qurilish materiallari yangi turlarini ishlab chiqarishni kengaytirish, eksport salohiyatini yanada oshirish hamda ish o‘rinlari tashkil etish qaror loyihasining maqsadi hisoblanadi.

Natijada, Samarqand viloyati hududida xorijiy investorlar bilan hamkorlikni rag‘batlantirish, sanoat sohasini yuqori texnologiyalarga asoslangan holda rivojlantirish, shuningdek xomashyo resurslarini chuqur qayta ishlash hamda ichki va tashqi bozorlarda raqobatbardosh qurilish materiallari ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shimcha quvvatlarni tashkil etish hisobiga 2021 – 2023 yillarda 340 mln dollar to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar kiritish hamda 600 nafar yangi ish o‘rinlari barpo etish imkoni yaratiladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid