O‘zbekiston | 12:09 / 20.03.2021
4616
3 daqiqa o‘qiladi

Fuqarolarning bojxona postidan olib o‘tayotgan me'yordan ortiqcha tovarlari vaqtincha saqlashga joylashtiriladi

Vazirlar Mahkamasining «Jismoniy shaxslarning chegara bojxona postlari orqali notijorat maqsadlarida olib kirilayotgan, belgilangan me'yorlardan ortiq bo‘lgan tovarlariga nisbatan amalga oshiriladigan tartib-taomillar to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi qarori qabul qilindi.

Norma’ning yozishicha, nizomda quyidagilar belgilangan:

  • jismoniy shaxslarning chegara bojxona postlari orqali notijorat maqsadlarda olib kirilayotgan tovarlari hisobini elektron yuritishga mo‘ljallangan axborot tizimi faoliyatini tashkil etish;
  • tovarlar va ularga tegishli hujjatlarni vaqtincha saqlash uchun qabul qilish va qaytarish tartibi;
  • vaqtincha saqlash va qaytarish uchun qabul qilingan tovarlarni rasmiylashtirish;
  • tovarlarni vaqtincha saqlaganlik uchun bojxona yig‘imi undirish;
  • vaqtincha saqlash uchun qabul qilingan hamda belgilangan muddatlarda va tartibda talab qilib olinmagan tovarlar bilan ish yuritish tartibi.

Nizom talablari quyidagilarga nisbatan tatbiq etilmaydi:

  • huquqbuzarlik ashyolariga, jinoyat haqidagi ariza va xabarlarni tekshirish hamda ma'muriy ishlarni yuritish jarayonida vakolatli organlar tegishli qarorlariga asosan olib qo‘yilgan yoki xatlangan tovarlar va ularga tegishli hujjatlarga;
  • taqdim etilgan tovar hujjatlarida va (yoki) tovar yorliqlarida yaroqlilik, saqlash, ishlatish va (yoki) realizatsiya qilish muddati tegishliligiga ko‘ra, nizomda belgilangan vaqtincha saqlash muddatlarini inobatga olganda, 10 kalendar kunidan kam muddat qolgan tovarlarga;
  • tirik hayvonlar, biologik chiqindilar, karantin ostida deb e'tirof etilgan mahsulotlarga;
  • O‘zbekistonga olib kirilishi taqiqlangan tovarlarga;
  • tranzit tarzda harakatlanayotgan shaxslar tovarlariga.

Tovarlar va tegishli hujjatlarni vaqtincha saqlash uchun qabul qilish avtomatlashtirilgan axborot tizimida elektron shakllantiriladigan dalolatnoma rasmiylashtirish, shuningdek elektron kitobga dalolatnoma ma'lumotlari asosida avtomatik qayd etish yo‘li bilan amalga oshiriladi.

Vaqtincha saqlash uchun qabul qilingan tovarlar chegara bojxona postlarida hamda xalqaro temir yo‘l o‘tkazish punktlarida va aeroportda shunday tovarlarni saqlash uchun jihozlangan vaqtincha saqlash joyiga joylashtiriladi. Ular 30 kalendar kun mobaynida, tez buziladigan tovarlar esa ko‘pi bilan 2 kalendar kun mobaynida saqlanadi.

Tovarlarni saqlash uchun quyidagi tartibda bojxona yig‘imi undiriladi:

  • dastlabki 5 kunda – bazaviy hisoblash miqdorining 5 foizi (12 250 so‘m), keyingi 10 kunda – bazaviy hisoblash miqdorining 7 foizi (17 150 so‘m), qolgan kunlarda – bazaviy hisoblash miqdorining 10 foizi (24 500 so‘m);
  • tez buziladigan tovarlarni vaqtincha saqlash uchun – bazaviy hisoblash miqdorining 15 foizi miqdorida (36 750 so‘m).

Yig‘im tovarning har 100 kg og‘irligiga (brutto) to‘liq va to‘liq bo‘lmagan har bir kalendar kun uchun undiriladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid