2020 yil 20 oktyabr kuni «Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident farmoni imzolandi. Unda lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga to‘liq o‘tishni ta'minlash borasida ham ko‘rsatmalar berilgan. Xususan, farmonning 2-ilovasi 4-bandida «Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini, imlo qoidalarini yanada takomillashtirish va yangi yozuvga to‘liq o‘tishni ta'minlash» degan alohida band mavjud. Aynan shu band ijrosini ta'minlash maqsadida yaqinda takomillashtirilgan alifbo loyihasi rasman e'lon qilindi.

Alifbo islohiga aynan hozir qo‘l urish kerak. Nega?
Alifbo o‘zgarsa, birinchi galda darsliklar o‘zgaradi. Hozir Milliy o‘quv dasturini ishlab chiqish harakatlari boshlangan. Demak, juda ko‘p darslik va qo‘llanmalar yangidan tayyorlanishi va chop etilishi mumkin. Agar alifbo islohi hozir o‘tkazilmasa (qachondir baribir isloh qilinadi, menimcha), bu keyinchalik kitoblarni yangi alifboda qayta bosishga, ya'ni katta chiqimga sabab bo‘lishi mumkin.
Bu yildan ichki pasportlar o‘rniga ID-kartalar berish boshlandi. Endi yaqin xorijga chiqish uchun ham xorijga chiqish biometrik pasporti kerak bo‘ladi. Demak, uni oluvchilar ko‘payadi. Agar alifboga qachondir o‘zgartirish kiritilsa, hujjatlardagi ma'lumotlarni ham o‘zgartirish ehtiyoji tug‘iladi. Bu yana chiqim va ovoragarchilikka olib keladi.
Qozoq qo‘shnilarimizning tajribalari ham xulosa uchun yaxshi misol. Ular ham dastlab 2017 yilgi variantda barcha harflarni standart klaviatura asosida yasab ko‘rishdi. Lekin amaliyot bu katta o‘ng‘aysizlik va qiyinchiliklar tug‘dirishini ko‘rsatdi, chog‘i, 2018 yilgi variantda juft harflar, jumladan, oʼ va gʼ harflari bitta belgiga almashtirildi. 2019 yilgi loyihada esa sh va ch harflari o‘rniga ham yaxlit belgi tanlandi. 2021 yilgi versiyada esa alifbo yanada ixchamlashdi













