Jamiyat | 19:48 / 24.03.2021
30828
9 daqiqa o‘qiladi

Ayollarning mahr haqiga rioya etilmayotgani yuzasidan bloger taklif bildirdi

Tarjimon Gavhar Nasrulloh jamiyatda ayollar haq-huquqlariga munosabat, xususan mahr masalasida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

Foto: Getty Images

Gavhar Nasrulloh o‘z blogpostida bir necha ayollar davrasida o‘zi guvohi bo‘lgan suhbat haqida to‘xtalgan.

«Yaqinda bir davrada bo‘ldim. Ayollar davrasida. Odatda bunday davralarda suhbat mavzusi to‘y, sep, tog‘ora, qozon-tovoq kabilardan ortmagani uchun menga uncha qiziq bo‘lmaydi. Bu kabi davradan turib ketish imkoni bo‘lmasa, o‘sha yerdagi vaqtimni, shunchaki, ayollar psixikasini o‘rganishga sarf etib, kuzatib o‘tiraman.

Biroq bu galgi suhbat boshqacha bo‘ldi. Gap aylanib, mahr mavzusiga taqaldi.

Ta'kidlab o‘tay, davrada mendan tashqari o‘n to‘rt nafar ayol bo‘lib, barchasi o‘zini muslima ataydigan, ular ulg‘aygan oila ham, kelin bo‘lib tushgan xonadon ahli ham, ularning turmush o‘rtog‘i ham – hammasi o‘zini musulmonlardan deb biladi.

Qizig‘i, musulmon oilalarning kelinlari, musulmon kishilarning rafiqasi, o‘zi muslima bo‘lgan bu o‘n to‘rt ayoldan faqatgina bittasi mahriga nima olishini o‘zi belgilagan va o‘sha istaganini qo‘liga o‘zi bemalol tasarruf qilishi mumkin bo‘lgan mulk o‘laroq topshirishgan.

To‘g‘ri, so‘ragani notarius orqali tasdiqlatib, nomiga o‘tkazib beriladigan kattaroq narsa emas, shunchaki qimmatbaho taqinchoq bo‘lsa ham, o‘sha taqinchoqni uning qo‘liga tutqazayotib: «Bu sizning mahr haqingiz, uni nima qilish sizning ixtiyoringizda. Xohlasangiz, sotib, pulini ishlating, istasangiz, taqib yuring, xohlang, birovga hadya qiling, istang, sadaqa qilib, biror muhtojga berib yuboring», deb aytishgan va mana o‘n sakkiz yildirki, o‘sha o‘zlari aytgan so‘zlarning isboti o‘laroq, hech kim taqinchoq taqdiri bilan qiziqmagan.

Ayollardan yana birining aytishicha, kuyov tomon nikoh uzugini mahr atab, bir o‘q bilan ikki quyonni urgan.

Yana biri kelin bo‘lib tushayotganda bir uy-bir dahliz xonani mahriga berdik deyishgan, biroq mana, o‘n besh yil bo‘libdiki, o‘sha o‘zining mahriga berilgan xonaning birida ikki bolasi bilan erdan ajragan qaynisinglisi yashar, ikki xona bir-biriga uyqash bo‘lgani uchun, ikkinchisida ham o‘zi loaqal biror soat erkin nafas ololmasmish.

Bir nechta ayol o‘sha payt yosh bo‘lgani, hayajonda bo‘lganini ayta turib, attang qiladi. Mahrga nima atashganini ham eslay olmas emish. «O‘sha payt nimadir aytilgandir, biroq to‘ydan keyin hech kim menga, mana shu narsa sening mahr haqing edi, demaganam», deyishdi.

Yana bir ayolning hikoyasi antiqa bo‘ldi. O‘sha davradagi ayollar orasida aynan shu ayolning oilasi (tushgan oilasi) el orasida dindorligi bilan hurmat qozongan oilalardan. Bu ayol ham turmushga chiqayotgan payti mahr haqida bilimlari to‘liq bo‘lmagan, lekin mahrga aloqador ayrim gaplar qulog‘iga chalingan bo‘lgan. U bilan ham hech kim nikohgacha mahr haqida gaplashmagan. Faqat nikoh o‘qilayotgan mahal, domlaning «Mahrga nima ataldi» so‘rog‘iga javoban, kuyov bilan birgalikda kelgan amma: «Palon joydagi 12 sotixli hovli, u yerga qurilgan uch xonali uy» – deb javob bergan. Kelin yopinchiqda, bosh egib, hayajonda o‘tirgan bo‘lishiga qaramay, bu gapni yaxshi eslab qolgan.

Oradan bir necha yil o‘tib, alohida ko‘chib chiqqan yosh oila moddiy jihatdan biroz qiyinchilikka yo‘liqadi. O‘sha payt kelin kutilmaganda mahriga atalgan o‘sha yer uchastkasini yodga oladi. Yoshlar qaynona-qaynotaga bor gapni aytishganda, kattalar bu gaplarga jahl qilib, kelin uyalmaydimi, mahri o‘rniga boshqa uy-joy qildilaring-ku, qabilida javob qaytaradi.

Boz ustiga, 12 sotixli o‘sha yerning ustiga 3 xonali uy qurilgan 6 sotix qismi qaynakaning nomiga rasmiylashtirilgan bo‘lib chiqadi. Bir qancha gap-so‘zlardan keyin bo‘sh turgan 6 sotix qism hujjatlari yoshlarga topshirilib, sotishga ruxsat beriladi. Lekin sotilgan pulning sakkizdan besh qismini qaynota olib qo‘yadi.

Tabiiyki, arzimagan pul ularning moddiy ehtiyojini ham qoplamaydi, mahr haqi egasiga topshirilgan ham bo‘lib qoladi. Bu voqealarni eslar ekan, o‘sha kelin umri mobaynida bir necha bor moddiy qiyinchilik bo‘lib, mahrim qo‘limda bo‘lganida ishlatardim, deb o‘kinganini va o‘z haqini, albatta, qiyomatda undirishga ahd qilgani haqida turmush o‘rtog‘iga bildirganini aytadi. Turmush o‘rtog‘i esa, vaqt ber, albatta, haqingni beraman, deganini ham aytib o‘tadi.

Albatta, bir davrada yig‘ilib qolgan o‘n to‘rt nafar ayol hech qanday ijtimoiy eksperiment ishtirokchisi emas. Ularga qarab xulosa qilib bo‘lmaydi, dersiz.

Bu borada ijtimoiy so‘rovnomalar o‘tkazilib, statistika yig‘ilganidan ham bexabarman. Biroq, shu voqeadan keyin o‘zim taniydigan bir nechta ayollardan mahr haqida so‘radim va hammasidan yuqoridagi singari javoblar oldim. Shu bilan birga, jamiyat faqat men taniydigan ayollardan iborat emasligini ham yaxshi tushunaman.

Biroq, qaynona-kelin munosabatlari, kelinning oiladagi turli-tuman, katta-kichik vazifalari, zimmasiga yuklatilgan, so‘zsiz amal qilishi shart bo‘lgan yozilmagan qonunlarni chetga surib turganda ham, oddiygina mahr haqiga rioya qilinmayotganining o‘zi, jamiyatimizda ayolga munosabat qanday holdaligini ochib berayotgandek tuyuladi.

Do‘stligimda bu kabi haqlar joyiga qo‘yib ado qilinib kelinayotgan oila vakillari ko‘plab topilishiga ishonchim komil. Shundaylarga iltimosim, vaziyatga o‘zingizdan emas, atrofingizdagi, butun jamiyatdagi holatdan kelib chiqib, munosabat bildirsangiz», – deya yozadi u.

Bloger masala yuzasidan o‘z taklifini ham o‘rtaga tashlaydi.

«Bu borada taklifim bor. Mahrga nima berilishi nikohgacha aniqlansin va nikoh o‘qilayotgan payt guvohlar oldida agar pul yoki kichikroq narsa bo‘lsa, o‘sha narsaning o‘zi, notarius orqali tasdiqlanadigan narsa bo‘lsa, rasmiylashtirilgan hujjati kelinga topshirilsin.

Agar mahrni bo‘lib-bo‘lib berish va belgilangan muddatga kelishilgan bo‘lsa, muddat kelganda ado etishga va'da berilib, kuyov tomonidan imzolangan hujjat kelinga topshirilsin.

Modomiki, farzand tarbiyasi nikohdan avval, unga munosib ota yoki ona tanlashdan boshlanarkan, keling, ahli muslim, ojizalar haqiga rioya qilib, oilaviy tarbiyani ham o‘zimizdan boshlab beraylik», – deya yozadi Gavhar Umarova.

Avvalroq, Toshkent shahar reabilitatsiya markazi direktori Gulchehra Matkarimova mahrni O‘zbekiston qonunchiligiga kiritishni taklif qilgandi.

O‘tgan yili oilaviy ajrimlar mavzusidagi anjumanda Toshkent shahri bosh imom-xatibi Nuriddin domla Xoliqnazarov: «Kelinning mahri – qiyomatlik masala. Oila ajrashib ketgan taqdirda ham mahr ayolning o‘zida qolishi kerak», deya ta'kidlagandi.

«Nikohning shartlaridan biri – mahr. Bugun kim mahrni so‘rayapti? Farzandlarimizni uylantiryapmiz, lekin mahr masalasini eslatyapmizmi? «Ota-ona sifatida to‘yingni o‘tkazib beraylik, lekin kelin uchun mahrni o‘zing ol», deb aytyapmizmi?

Kuyov arava yetaklab bo‘lsa ham, mardikorlik qilib bo‘lsa ham, mahrni peshana teri bilan o‘zi olishi kerak. Biz to‘yni ham o‘zimiz o‘tkazib beramiz, mahrni ham o‘zimiz olib beramiz, shuning uchun kuyov kelinning qadriga yetmayapti.

Kelinning mahri – qiyomatlik masala. Oila ajrashib ketgan taqdirda ham mahr ayolning o‘zida qolishi kerak.

Erkakning janozasini o‘qishdan avval ayolidan mahri ado qilingan-qilinmagani so‘raladi. Shu paytda ko‘pchilik ayollar bilmay turib, «mahrdan kechib yubordim», deyishadi. Mahr kechib yuboriladigan narsa emas. Aslida mahrimni ado qilgan, deb javob berishi kerak. Agar ado qilmay vafot etsagina kechmay iloji yo‘q», – degandi Nuriddin domla Xoliqnazarov.

Mavzuga oid