Jahon | 08:49 / 24.03.2021
4154
2 daqiqa o‘qiladi

NATOga a'zo davlatlar Afg‘onistondan qo‘shinlarni olib chiqish to‘g‘risida bir qarorga kelolmadi

Shimoliy Atlantika alyansi bosh kotibi ushbu mamlakatda «siyosiy kelishuvga erishish uchun tarixiy imkoniyat mavjud»ligini ma'lum qildi.

Foto: Rahmat Gul/Associated Press

NATOga a'zo 30 davlat tashqi ishlar vazirlari Afg‘onistondan qo‘shinlarni olib chiqish to‘g‘risida bir qarorga kelolmadi. Bu haqda seshanba kuni Bryusselda alyans mamlakatlari tashqi ishlar vazirlari uchrashuvining birinchi kunidan keyingi matbuot anjumanida NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg ma'lum qildi.

«Bugun biz yakuniy qaror qabul qilmadik, biroq o‘z qo‘shinlarimiz xavfsizligini ta'minlash to‘g‘risidagi qarorga keldik», dedi u. 

Jurnalistlarning NATOga nima uchun qo‘shinlarni olib chiqib ketish to‘g‘risida qaror qabul qilish shunchalik qiyin bo‘lyapti, degan savoliga bosh kotib shunday javob berdi: «Sababi, bizning qarorimiz tinchlik jarayonining borishiga bog‘liq bo‘ladi. Biz Afg‘onistonda siyosiy kelishuvga erishish uchun tarixiy imkoniyatga egamiz. Bu kelishuvga har qachongidan ham yaqinmiz. Ammo, shu bilan birga, biz vaziyatga real qarashimiz lozim: muzokaralar muvaffaqiyatli bo‘lishiga kafolat yo‘q, bu mo‘rt narsa».

Afg‘onistondan qo‘shinlarni olib chiqib ketish muammosini muhokama qilish - NATOga a'zo 30 davlat tashqi ishlar vazirlarining 23-24 mart kunlari Bryusselda bo‘lib o‘tayotgan uchrashuvining asosiy mavzularidan biri. Vazirlar qariyb 20 yillik jangovar harakatlardan so‘ng NATO qo‘shinlarini ushbu mamlakatdan olib chiqish maqsadga muvofiqligini muhokama qilmoqda. 

AQShning «Tolibon» harakati bilan tuzgan tinchlik shartnomasida Qo‘shma Shtatlar va NATO o‘z qo‘shinlarini 2021 yil may oyiga qadar Afg‘onistondan olib chiqishi nazarda tutilgan. Biroq, u yerdagi harbiy vaziyat o‘ta keskinligicha qolmoqda, toliblar guruhlarining katta qismi 2021 yil bahorida hukumat kuchlariga qarshi amalga oshiriladigan hujum operatsiyalariga faol tayyorgarlik ko‘rayotganini yashirmayapti.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid