Klublar nega aldanib qolmoqda? FIFA yuridik departamenti direktori bilan eksklyuziv intervyu
Kun.uz va «El Golazo» o‘zbek futboli muxlislari uchun qiziqarli mavzularda suhbat uyushtirishda davom etadi. Bu gal futboldagi yuridik mavzu bilimdoni Emilio Garcia Silvero bilan suhbatlashdik. Silvero FIFA yuridik departamenti direktori hisoblanadi. Intervyu davomida suhbatdoshimiz klublarda yuzaga keladigan huquqiy muammolar haqida gapirib, bu borada tavsiyalarini berdi.
Zokirjon Xoliqov: Hammaga xayrli kun. Kun.uz'dagi «El Golazo» loyihasining navbatdagi mehmoni futbol huquqi sohasida dunyodagi yetakchi mutaxassislardan biri, Ispaniya futbol federatsiyasi, UYeFAda ish tajribasiga ega va hozirgi kunda FIFA yuridik departamenti direktori Emilio Garsiya Silvero.
Emilio, hozirgi kunda FIFAdagi vazifalaringiz haqida gapirib bersangiz.
Emilio Garsiya: Birinchi navbatda, taklif uchun katta rahmat. Sizlar bilan suhbat qurib turganimdan xursandman! Hozirda Tsyurixda FIFA yuridik departamentini boshqaraman. Departamentda 140 dan ortiq mutaxassis futbolchilar transferini tartibga solish, futboldagi tijorat huquqi, antidoping va kelishilgan o‘yinlarga qarshi kurashish kabi sohalarda faoliyat olib boradi. Umuman aytganda, men boshqarayotgan departament FIFA ichidagi eng muhim bo‘limlardan biri hisoblanadi. FIFAdagi faoliyatimiz orqali doimiy ravishda futbol qonunchiligida islohotlar olib borishga harakat qilamiz. Ayniqsa, futbolchilar transferi bo‘yicha. FIFAda faoliyat olib borishdan oldin 9 yil davomida Ispaniya futbol federatsiyasida yuridik bo‘lim boshlig‘i sifatida va UYeFAda 6 yil tartib-intizom bo‘limi boshlig‘i sifatida faoliyat yuritganman.
Zokirjon Xoliqov: Tanishtiruv uchun rahmat, keyingi savolga o‘tsak. Yevropa Superligasi tashkil etilishi borasida gap-so‘zlar butun dunyoda muhokama qilinmoqda. «Real», «Barselona», APL va A Seriya grandlari birgalashib Yevropa Superligasini tashkil etmoqchi. Bu huquqiy jihatdan iloji bor hodisami?
Emilio Garsiya: FIFA Yevropa Superligasi borasida o‘z pozitsiyasini rasman e'lon qildi. Futbol o‘yini milliy assotsiatsiyalar, konfederatsiyalar va FIFA orqali tartibga solinadi. Yevropa Superligasi tashkilotchilari esa bu uch turdagi tashkilotlarning hech biriga mansub emasdi. Superliga tuzilishi futbol integratsiyasiga katta putur yetkazardi. Shuni inobatga olib, FIFA Yevropa Superligasi tashkil etishni huquqiy jihatdan imkonsiz deb e'lon qildi.
Jahongir Usmanov: Janob Garsiya, nima uchun bitta milliy assotsiatsiyaga tegishli klublar va futbolchilar o‘rtasidagi nizolarni hal qilish uchun FIFAning Nizolarni hal qilish qo‘mitasiga yoki Sport arbitraj sudiga murojaat qila olishmaydi?
Emilio Garsiya: Bu juda qiziq savol, FIFA futbolchilar transferi va shartnomalarini tartibga soluvchi normalarga ega, lekin bu normalar umumlashtiruvchi xarakterga ega, chunki FIFA butun dunyodagi futbol nizolarini hal qilish uchun moddiy imkoniyatlari cheklangan. FIFAda Avstraliya yoki Yangi Zelandiyadan Kanadagacha, Argentinadan Rossiyagacha mavjud 211 davlat mehnat qonunchiligini biladigan sudyalar yo‘q. Bundan tashqari, nizolarning hammasini FIFA sudyalari ko‘rib chiqishi uchun vaqt yetmaydi. Ushbu turdagi nizolarni adolatli hal qilish uchun FIFA milliy assotsiatsiyalar qoshida futbolchilar va klublar vakillaridan iborat Nizolarni hal qilish palatasini tashkil etishni tavsiya qilib kelmoqda.
Jahongir Usmanov: Agar o‘zbek futbolchisi va o‘zbek klubi o‘rtasidagi mehnat shartnomasida nizolarni hal qilish uchun ishni Lozannadagi Sport arbitraj sudiga olib borish borasida band bo‘lsa-chi? Bu holatda ham xalqaro element bo‘lishi talab etiladimi?
Emilio Garsiya: Bu borada aniq band ko‘rsatilgan bo‘lsa, ushbu holatda garchi tomonlar bitta milliy assotsiatsiyaga tegishli bo‘lsa ham, nizolarni hal qilish uchun Sport arbitraj sudiga murojaat qilishi mumkin.
Zokirjon Xoliqov: Birdamlik mexanizmi belgilanishi haqida so‘ramoqchi edim. Masalan, futbolchini tarbiya qilgan klub uchinchi tomon sifatida futbolchisi bir klubdan boshqa klubga transfer qilinganda transfer summasining qancha qismini olishi kerak?
Emilio Garsiya: FIFAning futbolchilar transferi va maqomi reglamentida futbolchi bir klubdan boshqa klubga transfer qilinganda jami transfer summasining besh foizi o‘sha futbolchini 12 yoshdan 23 yoshgacha tarbiyalagan klublar o‘rtasida bo‘lib olinadi. Lekin bu summani aniqlashtirishda va olishda tarbiyalovchi klublar qiyinchilikka uchramoqda. Buni osonlashtirish uchun joriy yil FIFA Tsyurixda alohida Kompensatsiya palatasini tashkil etmoqchi. Unga ko‘ra, sotib oluvchi klub jami transfer summasining besh foizini to‘g‘ridan to‘g‘ri Kompensatsiya palatasi hisobraqamiga o‘tkazib beradi. O‘z navbatida, palata ushbu summani futbolchini 12 yoshdan 23 yoshgacha bo‘lgan davrda tarbiyalagan klublar o‘rtasida bo‘lib beradi.
Masalan, fransuz klubida o‘ynovchi o‘zbek futbolchisi ispan yoki italyan klubiga transfer qilinganda, jami transfer summasining besh foizini avtomatik ravishda FIFAning Kompensatsiya palatasi bank hisobraqamiga, palata 90 kun ichida ushbu summani tarbiyalovchi o‘zbek klubiga o‘tkazib beradi. Tarbiyalovchi klublarga FIFA markazlashgan tizim orqali yengilliklar yaratmoqchi hamda ularning manfaatlarini himoya qilmoqchi.
Zokirjon Xoliqov: O‘tgan yil UYeFA tomonidan «Manchester Citi» klubi jazolanib, Yevropa Chempionlar Ligasida ishtirok etishi taqiqlangandi, ammo ko‘p o‘tmay bu jazo yengillashtirildi. Buning sababini bilasizmi?
Emilio Garsiya: Birinchidan, bu jazo Lozannadagi Sport arbitraj sudi tomonidan yengillashtirildi va sabablar tashkilot saytida e'lon qilindi. «Manchester Citi»ga bu sanksiyalar UYeFA tomonidan 2010 yildan boshlab amalga tatbiq etilgan moliyaviy feyr-pley doirasida qo‘llanilgandi. Umuman olganda, 2004 yildan boshlab qo‘llab kelinayotgan UYeFAning klublarni litsenziyalash tizimi va moliyaviy feyr-pley qoidalari butun dunyoda futbol rivojiga o‘zining hissasini qo‘shib kelmoqda. UYeFAning bu ishidan FIFA ham namuna olib, qoidalarni boshqa konfederatsiyalarga ham qo‘llab kelmoqda.
Zokirjon Xoliqov: Keyingi savol butun dunyoda, jumladan, o‘zbekistonlik futbol muxlislarida ham katta qiziqish uyg‘otgan Messi «Barselona»ni bepul tark etishi masalasi. Bu borada sizning shaxsiy fikringiz qanaqa? Messining advokatlari UYeFA va FIFAga maslahatlashish uchun murojaat qilganmi?
Emilio Garsiya: Avvalo, Messining shartnomasida aynan qanaqa bandlar borligidan xabarim yo‘q, chunki bu Messi va «Barselona» klubi o‘rtasidagi shartnoma, uni ko‘rmaganman. Messining vakillari FIFAga maslahatlashish uchun murojaat qilgani yo‘q. Shu yil 30 iyun kuni Messining «Barselona» bilan shartnomasi muddati tugaydi, ko‘ramiz, Messi yozda faoliyatini qayerda davom ettiradi, «Barselona»dami yoki boshqa jamoada? Leo futbolimizning asosiy yulduzlaridan biri, umid qilaman, uzoq yillar yana Messi ishtirokidagi o‘yinlardan bahramand bo‘lamiz.
Zokirjon Xoliqov: O‘zbek klublariga chet ellik futbolchilar va murabbiylar bilan shartnoma imzolashda e'tibor qaratishi kerak bo‘lgan muhim jihatlar bo‘yicha tavsiyalaringiz bilan o‘rtoqlashsangiz. Oxirgi paytlarda o‘zbek klublari bu borada oqsamoqda va FIFAdagi ko‘p ishlarni yutqazmoqda.
Emilio Garsiya: O‘zbek klublari chet elliklar bilan shartnoma imzolashda uchta jihatga e'tibor berishi kerak. Birinchidan, klub iqtisodiy imkoniyatlarini to‘g‘ri baholagan holda chet elliklarga maosh belgilashi kerak, chunki FIFA qonunchiligida shartnomada nima yozilgan bo‘lsa, o‘sha narsa to‘liq bajarilishi talab etiladi. Ikkinchi eng muhim jihat – shartnoma muddati. Bu borada ham klub o‘z imkoniyatlarini to‘g‘ri baholashi kerak. Uchinchidan, tomonlar shartnoma doirasidagi nizolarni hal qiluvchi organni aniq belgilab qo‘yishi kerak. Masalan, O‘zbekiston sudlari, FIFA qo‘mitalarining sudlari yoki Lozannadagi Sport arbitraj sudi.
Zokirjon Xoliqov: O‘tgan yil koronavirus sabab FIFA milliy assotsiatsiyalarga moliyaviy yordam berishga qaror qildi, ushbu yordam pullari milliy assotsiatsiyalar tomonidan qanday sarflanishi va nimaga sarflanishi monitoring qilib boriladimi? Agar qilinsa, bu jarayon qanday amalga oshiriladi?
Emilio Garsiya: FIFA tomonidan qabul qilib olingan yordam pullarining 500 ming dollari milliy assotsiatsiyalar tomonidan ayollar futboli rivojlanishiga sarflanishi, qolgan qismi esa futbol rivojiga sarflanishi kerak. Bu borada milliy assotsiatsiyalarga erkinlik beriladi va ular «futbol rivojiga» degan bandini o‘zlari hal qilishadi. FIFA qoshida pandemiya davridagi yordam pullarini ajratish va ularni sarflashni to‘g‘ri nazorat qilish uchun vaqtinchalik qo‘mita tashkil etilgan. Bu boradagi to‘liq nazorat mazkur qo‘mita orqali amalga oshiriladi.
Zokirjon Xoliqov: Ko‘plab milliy assotsiatsiyalarda futbol agentlarini akkreditatsiyadan o‘tkazish tizimi mavjud emasligi munozaralarga sabab bo‘lmoqda. Bu holat futbol klublarida faoliyat olib boradiganlar uchun agentlik faoliyati bilan shug‘ullanishga to‘sqinlik qilmaydi, bu borada FIFAning pozitsiyasi qanaqa?
Emilio Garsiya: Darhaqiqat, futbol agentlarini akkreditatsiyadan o‘tkazish tizimi ba'zi milliy assotsiatsiyalarda yo‘lga qo‘yilmagan va bu ko‘plab muammolarni keltirib chiqarmoqda. Bu kabi muammolarni bartaraf etish maqsadida 2022 yil 1 yanvardan boshlab FIFA yana futbol agentlarini litsenziyalash tizimiga qaytadi. FIFA futbol agentlariga litsenziya berishdan oldin ularni imtihondan o‘tkazadi va yagona tizim orqali ularning faoliyatini nazorat qilib boradi. Bundan tashqari, futbol agentlari bilan bog‘liq nizolarni hal etish uchun FIFA alohida yagona sud tizimini joriy etadi.
Zokirjon Xoliqov: O‘zbekiston futboli bilan unchalik mashhur davlat emas, shunga qaramasdan, FIFAdagi yuridik ishlari bilan ba'zi futbol klublarimiz nomini eslab qolgan bo‘lsangiz kerak. Bundan tashqari, o‘zbek futbolida faoliyat olib borganlardan kimlarni taniysiz?
Emilio Garsiya: FIFAga 210 ta milliy assotsiatsiya a'zo hisoblanadi, shuning uchun alohida shaxslarni eslab qolish qiyin. Lekin FIFA kunlari milliy jamoalar ishtirokidagi o‘yinlarni kuzatishga harakat qilaman. Masalan, O‘zbekiston milliy jamoasi safida eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan futbolchilardan biri Server Jeparov va adashmasam O‘zbekiston milliy jamoasi libosida eng ko‘p gol urgan futbolchi Maksim Shatskixni taniyman. O‘zbek futbolida ulardan boshqa hech kimni tanimayman.
Zokirjon Xoliqov: Suhbat va futboldagi xalqaro boy tajribangiz bilan bo‘lishganingiz uchun sizga Kun.uz jamoasi nomidan o‘z minnatdorligimizni bildirib qolamiz va keyingi faoliyatingizda omad tilaymiz!
Emilio Garsiya: Katta rahmat. Yaqin orada yana ko‘rishishimizga umid qilaman, O‘zbekiston milliy jamoasiga omad tilayman.
Mavzuga oid
09:20 / 16.11.2024
Yevropada yakkalanayotgan Isroil futboli
19:09 / 17.10.2024
Qozog‘iston bosh murabbiyi Cherchesov qozoq tili haqidagi hazili uchun jazolandi
11:52 / 06.09.2024
O‘zbekiston va Britaniya futbol sohasida o‘zaro aloqalarni o‘rnatish imkonini muhokama qilmoqda
13:42 / 19.08.2024