O‘zbekiston | 09:59 / 26.03.2021
3265
3 daqiqa o‘qiladi

“Saxovat” va “Muruvvat” internat uylari hamda Urush va mehnat faxriylari uchun respublika pansionatining xodimlari maoshi oshiriladi

Prezidentning “Keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, “Saxovat” va “Muruvvat” internat uylari tizimini yanada rivojlantirish to‘g‘risida”gi farmoni e'lon qilindi.

Farmonga muvofiq, 2021 yil 1 apreldan boshlab:

a) “Saxovat” va “Muruvvat” internat uylari hamda Urush va mehnat faxriylari uchun respublika pansionatining:

  • rahbar va shifokorlar oylik lavozim maoshi 1,5 barobarga;
  • o‘rta va kichik tibbiyot xodimlari oylik lavozim maoshi 2 barobarga;
  • boshqa barcha xodimlar oylik lavozim maoshi 1,2 barobarga;

b) Agentlik markaziy apparati xodimlarining oylik lavozim maoshini 1,5 barobarga, uning hududiy boshqarmalari va tuman (shahar) bo‘limlari hamda Respublika tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspeksiyasi markaziy apparati va uning hududiy komissiyalari xodimlari oylik lavozim maoshi 1,2 barobarga;

v) “Saxovat” internat uylari hamda Urush va mehnat faxriylari uchun respublika pansionatida yashovchi yolg‘iz pensionerlarga shaxsiy sarf-xarajatlari uchun kamida to‘lanadigan oylik pensiya miqdori 10 foizdan 20 foizgacha oshiriladi.

2021 yil 1 mayga qadar “Saxovat” internat uylari hamda keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar, urush va mehnat faxriylari uchun sanatoriylarning har birini sayohatga mo‘ljallangan avtobuslar bilan ta'minlash uchun mahalliy budjetning qo‘shimcha manbalari hisobidan zarur mablag‘lar ajratiladi.

“Saxovat” internat uylaridagi keksalarning respublikamizdagi diqqatga sazovor joylar va ziyoratgohlarga tashriflari uyushtiriladi.

O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi ikki oy muddatda “Saxovat” va “Muruvvat” internat uylari, urush va mehnat faxriylari sanatoriylari, nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va protezlash markazlari hududlarida manzarali va mevali daraxtlar ekilishi, ko‘kalamzorlashtirilishi va obodonlashtirilishini ta'minlaydi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi:

a) tibbiy-ijtimoiy muassasalarda ishlovchi vrach va o‘rta tibbiyot xodimlarining Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi ta'lim muassasalari va tibbiyot markazlarida bepul malakasini oshirishini ta'minlaydi;

b) tibbiy-ijtimoiy muassasalar xodimlarini Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi tibbiyot muassasalarida bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazadi.

2021 yil may oyidan boshlab “Saxovat” internat uylari hamda Urush va mehnat faxriylari uchun respublika pansionatidagi keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarni har yili bir marta O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi mablag‘lari hisobidan sanatoriylarda bepul sog‘lomlashtirish tashkil etiladi.

Mavzuga oid