Blokpost
Chegara hududi mahallalariga olib boruvchi yo‘lda «Qizilyozi» blokposti o‘rnatilgan. Bu maqola tayyorlanishiga ham shu blokpost asosiy sabab bo‘ldi.
2018 yilgacha pasport rejimi amal qilib, Nanay hududida joylashgan mahallalarga o‘tib-qaytuvchi fuqarolarning pasportlari postda bittalab tekshirilgan.
2018 yili prezident Shavkat Mirziyoyevning Namangan viloyatiga tashrifi natijasida blokpost tugatilgan edi.

2020 yil koronavirus pandemiyasi davrida blokpost karantin posti sifatida o‘z faoliyatini tikladi va karantin choralari yumshatilib, qolgan blokpostlar olib tashlangandan keyin ham bu maskan o‘z faoliyatini davom ettirib kelmoqda.
Kun.uz ushbu post nima sababdan hozirgacha tugatilmagani bilan qiziqdi.
Postda faoliyat olib borayotgan harbiylar bu masalada ma'lumot bera olmasliklari, bu bo‘yicha Yangiqo‘rg‘on harbiy qismidan to‘liq ma'lumot olish mumkinligini aytishdi.
Postdan o‘tayotgan haydovchilar ushbu blokpost bo‘yicha fikrlarini aytishdi. Ulardan biri postning haydovchilarga zarari tegmasligini, boshqa biri bu post kerakligini, yana biri esa post ayrim noqulayliklar keltirib chiqarishini aytib o‘tdi.
Postdan o‘tib qaytuvchilar bir davlat fuqarosi bo‘lsa, nima sababdan nazorat kuchaytirilishi kerak?
O‘zini chegara qo‘shinlari vakili sifatida tanishtirgan harbiyning so‘zlariga ko‘ra, chegaralar to‘liq belgilanmagani sababli shu yerga blokpost qo‘yilgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, har kuni ko‘plab kontrabanda mahsulotlari shu yerda to‘xtatib qolinadi. Chegarachining aytishicha, hududning katta qismida chegara to‘siqlari yo‘qligi va sim bilan o‘ralmagani sababli kontrabanda holatlari har kuni kuzatiladi.
Chegara

Chindan ham Yangiqo‘rg‘onning katta qismi chegara sim bilan o‘ralmagan va hatto bitta ko‘chaning bir tomonida O‘zbekiston fuqarolari, bir tomonida Qirg‘iziston fuqarolari istiqomat qiladigan hudud ham mavjud. Hatto aholi istiqomat qilmaydigan chegara hududlarida ham chegara to‘siqlari o‘rnatilmagan. Bu esa o‘z-o‘zidan kontrabandaga keng yo‘l ochadi.















