Mikrobiologiya instituti 1977 yilda Fanlar akademiyasi tizimida tashkil etilgan bo‘lib, hozirda 9ta ilmiy-tadqiqot laboratoriyasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Institutning asosiy ilmiy yo‘nalishi qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, oziq-ovqat hamda ekologik muammolar yechimiga qaratilgan.

Institut direktori biologiya fanlari doktori professor Qahramon Davronov institutning asosiy ilmiy yo‘nalishlaridan bo‘lgan qishloq xo‘jaligi, tuproq sho‘rlanishi kabi muammolar haqida ma'lumot berib o‘tdi.

«Institut ilmiy faoliyatining 30 foizdan ko‘proq qismi qishloq xo‘jaligida ekologik toza mahsulot yetishtirish, turli sabablar oqibatida ishdan chiqib borayotgan tuproqni qayta tiklash, sog‘lomlashtirishga qaratilgan.

Tuprog‘imiz nafaqat sho‘rlandi, chuvalchanglar kamaydi, balki sinchiklab o‘rganiladigan bo‘lsa, undagi mikroorganizmlarni ham ko‘rmay qo‘ydik. Mikroorganizmlarning tuproq sifati uchun ahamiyati juda katta. Agar tuproq tarkibidagi mikroorganizmlar qayta tiklansa, keyingi jarayonlar ham o‘z-o‘zidan joyiga tushadi.

Turli mintaqalar uchun alohida xususiyatlarga ega bo‘lgan mikroorganizmlardan foydalangan holda preparatlar yaratib kelinmoqda», deya ta'kidladi institut direktori.

Institutda 2020 yilda yangi tajriba-eksperimental laboratoriyasi tashkil qilingan. Laboratoriyaga xorijiy bank va jamg‘armalar mablag‘lari jalb etilgan.

Laboratoriyada farmatsevtika, veterinariya, parrandachilik va baliqchilik uchun yangi xususiyatlarga ega mikrob preparatlar yaratish, ularni kichik hajmda ishlab chiqarish va amaliyotga tatbiq etish ishlari amalga oshiriladi.

Laboratoriya xodimlari ma'lumotiga ko‘ra, ishlab chiqarish uchun tayyor bo‘lgan biopreparatlardan biri oshqozon va ichak yallig‘lanishining oldini oluvchi va davolovchi «Laktopropolis» dori vositasi bo‘lib, dunyoda preparatning analogi yo‘q, ilmiy loyihalar doirasida o‘tkazilgan klinikoldi sinovlari uning yuqori samaradorligini ko‘rsatgan. Shuningdek, ushbu preparatni may oyida ishlab chiqarish va tijoratlashtirishni yo‘lga qo‘yish mo‘ljallanayotgani qo‘shimcha qilindi.