Jahon | 19:16 / 01.04.2021
11478
2 daqiqa o‘qiladi

Tojikistonda Shimoliy va Janubiy Koreyani adashtirib yuborgan vazir o‘rinbosari ishdan ketdi

Tojikiston sog‘liqni saqlash va ijtimoiy himoya vaziri o‘rinbosari Samariddin Alizoda o‘z vazifasidan ozod qilindi. Ma'lum bo‘lishicha, mulozim vaksina mavzusida o‘tkazilgan matbuot anjumanida Shimoliy va Janubiy Koreyani adashtirib yuborgan.

18 mart kuni Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va YUNISEFning Tojikistondagi vakillari ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazilgan. Unda Tojikiston boshqa mamlakatlarda salbiy holatlar qayd etilganiga qaramay, AstraZeneca vaksinasidan voz kechmasligi aytilgan.

Matbuot anjumanida so‘zga chiqqan Tojikiston sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Samariddin Alizoda JSST va YUNISEFning mamlakatdagi vakillari ismini esdan chiqarib qo‘ygan. Keyin esa Janubiy va Shimoliy Koreyani adashtirib yuborgan: «Angliyada ishlab chiqarilgan vaksina hozirda Belgiya, Hindiston va Shimoliy Koreyada ishlab chiqarilmoqda. Ha, Janubiy Koreyada. Xo‘p, Koreya-da, nima farqi bor? Shimoliy Koreyada bo‘lsa yana yaxshi, nazorat jiddiy bo‘ladi», degan vazir o‘rinbosari kulib.

Samariddin Alizoda 2020 yil may oyida Tojikiston sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari etib tayinlangan. Bu lavozimga tayinlangunga qadar mulozim mamlakat sanitariya-epidemiologiya xizmatini boshqargan. Oldinroq Alizoda Tojikiston hukumat vakillari orasida birinchilardan bo‘lib AstraZeneca vaksinasini qabul qilgandi.

Ўткир Жалолхонов
Tayyorlagan Ўткир Жалолхонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid