11:42 / 09.04.2021
3295

Hindiston bosh vaziri mamlakatda “emlash bayrami”ni o‘tkazishga chaqirdi 

Hindiston bosh vaziri Narendra Modi mamlakatda iloji boricha ko‘proq odamni koronavirusga qarshi emlash uchun 11 apreldan 14 aprelgacha “emlash bayrami”ni o‘tkazishga chaqirdi.   

“11 aprel Jotiba Pxule va 14 aprel Bobosohib Ambadkarning tavallud kunlarida “Tika Utsav”ni (emlash bayrami) o‘tkazishga chaqiraman”, deb e'lon qilgan Modi o‘z chiqishida.  

“Emlash bayrami”da maksimal ko‘p odamni emlash uchun sa'y-harakatlarni amalga oshirish lozim. Yoshlar 45 yoshdan katta barcha odamlar emlanishi uchun yordam ko‘rsatishi kerak”, deb ta'kidlab o‘tgan Hindiston bosh vaziri. U Hindistonda yangi lokdaun kiritishga hojat yo‘qligini, biroq infeksiya tarqalishi darajasi yuqori bo‘lgan hududlarda komendantlik soati kiritilishi, himoya zonalarini tashkil etish hamda aholidan test olishni maksimal jadallashtirish kerakligini aytgan. 

“Test o‘tkazish juda muhim. Hozirda belgilarsiz o‘tayotgan kasallanish holatlari tobora ko‘paymoqda. Odamlar o‘zlarida qandaydir o‘pka kasali borligini his qilishmoqda va keyin butun oilalarini zararlashmoqda. Test o‘tkazish va kasallanganlar kimlar bilan aloqada bo‘lganini aniqlash hozirda eng muhim choralar hisoblanadi”, deb ta'kidlab o‘tgan Modi. 

Hindistonda koronavirusga qarshi emlash dasturi 16 yanvarda boshlangandi. Emlash dasturining birinchi bosqichida 30 mln kishini – 10 mln tibbiy xodim va 20 mln politsiyachi, harbiy, fuqarolik mudofaasi xodimlarini emlash rejalashtirilgandi. 1 martdan emlashning ikkinchi bosqichi boshlangan. Uning davomida 60 yoshdan kattalar hamda yondosh kasalliklarga ega 45 yoshdan kattalar vaksina olish imkoniyatiga ega bo‘lgan. 1 apreldan Hindistonda emlashning uchinchi bosqichi boshlangan, uning davomida 45 yosh va undan katta barcha aholi emlana oladi. 

Biroq hozircha emlanganlar soni rejalashtirilgandan ortda qolmoqda. Hindiston hukumati iyul oxirigacha kamida 300 mln kishini emlamoqchiligini ma'lum qilgan. Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, hozirda 90 mln hindistonlik virusga qarshi vaksina olgan.     

Aholi mahalliy Covishield va Covaxin vaksinalari bilan emlanmoqda. Shuningdek, yana 20ga yaqin vaksina qo‘llash uchun tayyorlanmoqda.  

Jiotirao Govindrao Pxule (1827-1890 yy.) tabaqalar bo‘yicha farqlanishga qarshi va ayollar huquqlari uchun kurashchi hisoblanadi. Bximrao Ramji Ambadkar (1891-1956 yy.) esa ijtimoiy tahqirlashga qarshi kurashgan va Hindiston konstitutsiyasi mualliflaridan biri sanaladi. 

Top