15:56 / 10.04.2021
4332

Andijonda shu kungacha 10 mingga yaqin nafar fuqaro emlandi. Bugundan barcha tumanlarda emlash ishlari boshlandi

Andijon viloyati aholisini koronavirusga qarshi emlash uchun Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati Andijon viloyat boshqarmasiga ikki xil vaksina olib kelingan. Shundan 58 ming doza Hindistonda ishlab chiqarilgan «Astra Zeneca» vaksinasi hamda 58 ming doza Xitoy-O‘zbekiston hamkorligida ishlab chiqarilgan ZF-UZ-VAC2001 vaksinasi. 

Foto: KUN.UZ

Bugungi kunga qadar Andijon shahri, Asaka va Andijon tumanlarida jami 9 855 nafar 65 yoshdan oshgan fuqarolar va tibbiyot xodimlari yuqoridagi ikkita vaksina bilan emlandi. Bu birinchi bosqichda emlanishi kerak bo‘lgan fuqarolarning 17,6 foizini tashkil etmoqda.  

Kun.uz muxbiri Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati Andijon viloyat boshqarmasida bo‘lib, vaksinalarning saqlanishi va joylarga yetkazib berish jarayoni bilan tanishdi. 

Boshqarma boshlig‘i Dilmurod Nabiyev hududda koronavirusga qarshi emlash qanday ketayotgani haqida quyidagi ma'lumotlarni berdi.  

“Emlash ishlarini 1 aprel kuni boshlaganmiz. O‘sha kuni Andijon shahrida yashovchi 65 yoshdan oshgan fuqarolar va Andijon shahridagi tibbiyot muassasalarida ishlovchi tibbiyot xodimlarini emlaganmiz. 1 aprelda Andijon shahrida emlashni boshlagan bo‘lsak, 5 apreldan Asaka tumanidagi 16,5 ming nafar tibbiyot xodimlari va 65 yoshdan oshgan fuqarolarni emlashga kirishganmiz. Shuningdek, 9 aprel kuni Andijon tumanida 8 ming nafar 65 yoshdan oshgan fuqarolar va tibbiyot xodimlarini emlash boshlandi.

Aytish joizki, har qanday emlashdan so‘ng inson tanasida harorat ko‘tarilib, isitma chiqishi mumkin. Bu o‘sha organizmning vaksinaga reaksiyasi hisoblanadi. Mazkur vaksinalarda ham ozmi-ko‘pmi isitma ko‘tarilish holatlari kuzatilmoqda. Bu holatning hech qanday qo‘rqinchli joyi yo‘q.  

10 apreldan viloyatimizning boshqa 13 ta tumanida ham emlash ishlariga kirishildi”, dedi Dilmurod Nabiyev.

Top