O‘zbekiston | 13:39 / 14.04.2021
5217
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston chegaraoldi mintaqalari vakillari Farg‘onada uchrashadi

Farg‘ona shahrida Farg‘ona (O‘zbekiston), Batken (Qirg‘iziston) va So‘g‘d (Tojikiston) viloyatlari delegatsiyalarining uchrashuvi bo‘lib o‘tadi, deb xabar bermoqda «Dunyo».

Joriy yil 22 aprel kuni Qirg‘izistonning Batken viloyati gubernatori Omurbek Suvanaliyev va  Tojikistonning So‘g‘d viloyati raisi Rajabboy Ahmadzoda boshchiligidagi ikki qo‘shni davlat viloyatlari rasmiylari va ishbilarmonlaridan iborat delegatsiyalar Farg‘ona viloyatiga tashrif buyuradi.

23 aprel kuni «Chegaraoldi hududlar integratsiyalashuvi – rivojlanish garovi» mavzusida xalqaro biznes-forum bo‘lib o‘tadi. Biznes-forum doirasida sanoat va qishloq xo‘jaligi sohalarida hamkorlik bo‘yicha yig‘ilishlar hamda «B2B» va «G2B» shakllaridagi uchrashuvlar o‘tkaziladi.

Tashrif dasturi doirasida uch chegaradosh viloyat rahbarlarining muzokaralari ham ko‘zda tutilgan.

Qirg‘iziston va Tojikiston vakillarining Farg‘ona viloyatida ishlab chiqarilgan mahsulotlar ko‘rgazmasida ishtirok etishi, viloyatdagi yirik sanoat va qishloq xo‘jaligi majmualari faoliyati bilan tanishishi rejalashtirilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid