Jahon | 21:39 / 15.04.2021
3133
2 daqiqa o‘qiladi

Litva Daniyadan ishlatilmagan AstraZeneca vaksinasini berishni so‘radi

Foto: Reuters / Scanpix

Litva hukumati AstraZeneca kompaniyasining koronavirusga qarshi vaksinasidan foydalanishdan voz kechgan Daniyadan ushbu vaksinaning ishlatilmagan qismi bilan bo‘lishishni so‘radi. DELFI nashrining xabar berishicha, bu haqda Litva bosh vaziri Igrida Shimonite ma'lum qildi.

 «Biz kecha Daniyaga murojaat qilib, agar u vaksinaning ishlatilmagan qismi bilan bo‘lishsa, uni mamnuniyat bilan qabul qilishimizni bildirdik», deb aytgan Shimonite.

Litva bosh vazirining ta'kidlashicha, hozircha Daniya ishlatilmagan vaksinani qanday bo‘lishmoqchiligi va Litva uning qanday qismiga da'vogarlik qilishi mumkinligi noaniq. U Litvada ushbu vaksina bilan emlanishni istovchilar bo‘lishiga shubha qilmasligini aytgan.

DELFI’ning yozishicha, avvalroq Latviya ham Daniyaga shunday murojaat bilan chiqqan.

14 aprelda Daniya AstraZeneca vaksinasidan foydalanishdan butunlay voz kechgan birinchi mamlakat bo‘lgani ma'lum qilingandi. Ushbu qaror mazkur vaksina bilan emlanganlarda tromblar hosil bo‘lishi holatlari bilan izohlanmoqda. Daniyada ushbu vaksinaning birinchi dozasini olgan 149 ming kishiga keyinroq yangi vaksina taklif etiladi. Ta'kidlanishicha, Daniya hammasi bo‘lib ushbu vaksinadan 2 mln doza olgan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid