O‘zbekiston | 08:55 / 21.04.2021
6560
4 daqiqa o‘qiladi

“Tabiiy ofatlarga kuchli tayyorgarlik omon qolishni kafolatlaydi” – O‘zbekistonda yagona zilzilani simulyatsiya qilish markazidan reportaj

Barchamiz umrimizda bir marotaba bo‘lsa ham zilzilani boshdan kechirganmiz. Zilzila deganda ko‘z oldingizda nimalar gavdalanadi? Qo‘rquv, vahima, vayronaga aylangan uylar, halok bo‘lgan odamlar va son-sanoqsiz talafotlar. Nima deb o‘ylaysiz: yer qimirlaganda yuzaga keladigan halokatlardan omon chiqishning iloji borligiga ishonasizmi? Buning uchun, eng avvalo, zilzila nimaligini tushunish kerak.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati tomonidan tashkil etilgan press-tur doirasida O‘zbekistonda yagona bo‘lgan zilzilani simulyatsiya qilish markazida bo‘ldik. Markaz xodimlari tomonidan zilzila, ekologik, texnogen va boshqa turdagi fojiaviy halokatlar, qilinishi zarur bo‘lgan choralar va boshqa muhim axborotlar berildi.

Halokat ro‘y berganda, avvalo, himoyalanish uchun xavfsiz joy topib, iloji boricha telefon topish, qutqaruv xizmati 1050 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilib yordam so‘rash zarur. Bu o‘zingizni himoyalash uchun qo‘yilgan dastlabki qadamlardir.

Liftda ham xavfsiz harakatlanishning maxsus qoidalari bor. Fuqaro muhofazasi instituti kafedra o‘qituvchisi Qamariddin Yo‘ldoshev bu haqida batafsil axborot berdi

“Liftga avval kattalar, so‘ng bolalar chiqishi kerak. Lift eshigi yarim ochiq yoki chirog‘i o‘chgan bo‘lsa, ta'mirlovchi ustani chaqirish kerak. Liftga chiqqach, yurayotgan paytda buzilsa, darhol lift devoriga yaqin turib olish kerak. Liftda iloji boricha boshqalardan orqada turgan ma'qul. Oldinda tursangiz, orqada turgan odamning harakatlarini baholay olmasligingiz mumkin. Liftdagi o‘g‘riliklar shu tarzda ro‘y beradi”, - dedi Yo‘ldoshev.

Yer qimirlashi va boshqa fojiaviy halokatlar oqibatida jarohatlanganlarga birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatishni har kim bilishi zarur. Fuqaro muhofazasi instituti kafedra o‘qituvchisi Muhiddin Tinibekovning aytishicha, birinchi tez tibbiy yordamni ko‘rsatishda vaqt juda muhim omil. Qanchalik jadal harakat qilsangiz, shikastlangan inson hayotini saqlab qolish imkoniyati oshadi. Har doim yoningizda tibbiyot qutichasi bo‘lishi zarur. Unda dastlabki og‘riqni qoldiruvchi dorilar, bint, qonni to‘xtatuvchi rezina va boshqa anjomlar bo‘lishi talab etiladi. Vaziyatga va qayerga borishga qarab, qo‘shimcha anjomlar bo‘lishi maqsadga muvofiqdir.

Kimyoviy, radiatsiyaviy halokatli holatlarda shaxsiy himoyalanish vositalarining zararlangan obektdan sog‘-omon chiqishda xizmati katta. Ulardan biri gaz niqobi hisoblanadi. Gaz niqobini 360 soatgacha taqish mumkin.

Orol fojiasi nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyodagi eng yirik ekologik halokatlardan biridir. 3D trenajyor apparati yordamida Orol dengizi qurish jarayonini virtual tarzda ko‘rish mumkin. Bu esa markazga tashrif buyuruvchilarning voqea ko‘lamini kengroq tushunishlariga yordam beradi.

Ko‘pchilikka qiziq bo‘lgan zilzilani simulyatsiya qilish qurilmasi sun'iy yer qimirlashni hosil qiladi. Bunda o‘rganuvchilar qanday harakatlanish bo‘yicha ko‘nikma hosil qilishadi. Ushbu qurilma 2015 yilda o‘rnatilgan. Markazning moddiy-texnik bazasini shakllantirishga BMT Taraqqiyot dasturi va gumanitar yordam masalalari bo‘yicha Yevropa Komissiyasi Departamenti ko‘mak bergan.

Kun.uz muxbiri Muhabbat Ma'mirova,

Operator va montaj ustasi – Doniyor Yakubov.

Mavzuga oid