O‘zbekiston | 17:42 / 22.04.2021
2260
3 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryoda yuragi xasta bo‘lgan 17 nafar bemorda jarrohlik amaliyoti o‘tkazish uchun deyarli yarim milliard so‘m ajratildi

Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Qarshi filialida «Xalq dardi bilan yashaylik!» shiori ostida xayriya tadbiri tashkil etildi. Aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ehtiyojmand fuqarolarga yuqori texnologik  tibbiy xizmat ko‘rsatish maqsadida o‘tkazilayotgan mazkur tadbirda viloyat hokimi Zoyir Mirzayev tomonidan «Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasi hisobidan murakkab kardiologik jarrohlik amaliyoti o‘tkazilishi belgilangan 17 nafar fuqaro uchun jami 495 million so‘m mablag‘ ajratilganligi ma'lum qilindi.

«Mazkur bemorlarning ayrimlari ehtiyojmand, «Temir daftar»ga kiritilgan, boshqalari esa nogironligi bor shaxslar hisoblanadi. Ular uzoq yillar davomida yurak bilan bog‘liq og‘ir xastaliklardan aziyat chekib kelishgan. O‘tkazilishi zarur bo‘lgan murakkab jarrohlik amaliyotlari xarajatlari uchun mablag‘ topishda muammolarga duch kelishgan», - deydi viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi axborot xizmati.

Ushbu bemorlar viloyat hokimining onlayn murojaatlar manziliga murojaat qilgan. O‘rtacha 20 milliondan 35 million so‘mgacha baholanadigan mazkur operatsiyalarning barcha xarajatlari «Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasidan qoplanadigan bo‘ldi. Shu tariqa mazkur mablag‘lar hisobidan 17 nafar bemorda klapan protezlash, okklyuder implantatsiyasi, koronarografiya stentlash, aortakoronar shuntlash singari yuqori texnologiyali, murakkab operatsiyalar amalga oshiriladi.

Operatsiyalar Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Qarshi filialida amalga oshiriladi. Filial zamonaviy tibbiy uskuna va jihozlar bilan ta'minlangan. Hozirda Germaniya, Rossiya kabi davlatlarda tahsil olgan malakali shifokorlar ish olib bormoqdalar.

Viloyat hokimi tadbirdan so‘ng filialda davolanayotgan bir guruh bemorlardan hol-ahvol so‘rab, ularga shifo tiladi. Shifoxona faoliyati bilan tanishdi.

Avvalroq, Yakkabog‘da o‘tgan tadbirda viloyat hokimi mahalliy budjetdan 460 million so‘m ajratilayotganini aytgandi.
 

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid