Sport | 21:29 / 22.04.2021
12882
2 daqiqa o‘qiladi

Tokio va Pekin Olimpiadalarida Rossiya madhiyasi o‘rniga Chaykovskiy musiqasi yangraydi

Foto: Picture Alliance

Rus kompozitori Pyotr Chaykovskiyning musiqasi 2021 yilgi Tokio va 2022 yilgi Pekin Olimpiadalarida Rossiya madhiyasi o‘rniga yangraydigan bo‘ldi. Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi kompozitorning «Fortepiano va orkestr uchun konsert №1» asaridan parchani keyingi 2 yil davomida rossiyalik sportchilar ishtirokidagi tadbirlar uchun qo‘llanadigan musiqa sifatida ma'qulladi.

 2020 yil dekabrda Sport arbitraj sudi (CAS) Jahon aksildoping agentligining Rossiyaga nisbatan qo‘llagan sanksiyalarini haqqoniy deb topgandi. Sanksiyalarga ko‘ra, rossiyalik sportchilar 2022 yil 16 dekabrgacha sport tadbirlarida Rossiya madhiyasi va bayrog‘isiz ishtirok etishlari kerak. Bundan tashqari, Rossiya ushbu muddat tugamaguncha Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlari hamda jahon chempionatlari o‘tkaza olmaydi.

 Avvalroq Xalqaro sport arbitraj sudi mashhur «Katyusha» qo‘shig‘ini Rossiya sportiga nisbatan sanksiyalar amal qilish vaqtida Rossiya madhiyasi o‘rniga ishlatishni rad etdi. Ushbu qo‘shiq Rossiya Olimpiya qo‘mitasi tomonidan taklif qilingandi. Biroq CAS qo‘shiq «Rossiya bilan yaqqol bog‘langan» degan qarorga kelib, uni rad etgan.  

 Fevral oyida Chaykovskiy musiqasi konkida uchish bo‘yicha jahon chempionatida rossiyalik sportchilarni taqdirlash vaqtida Rossiya madhiyasi o‘rniga yangragan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid