O‘zbekiston | 11:29 / 27.04.2021
14282
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonga «Sputnik V» vaksinasining yana bir partiyasi olib kelindi

Hozircha vazirlik Rossiya vaksinasidan qancha olib kelingani haqida ma'lumot bermadi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

27 aprelga o‘tar kechasi O‘zbekiston «Sputnik V» vaksinasining yana bir partiyasini qabul qilib oldi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

«Yurtimizda Rossiyaning N.F.Gamaleya nomidagi Milliy epidemiologiya va mikrobiologiya ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan ishlab chiqilgan «Sputnik V» vaksinasi ommaviy foydalanish uchun sertifikatlangan va tasdiqlangan. Uni sertifikatlash jarayoni ishlab chiqaruvchilardan kerakli hujjatlar, xususan, vaksina klinik sinovlarining uchinchi bosqichi natijalarini olgandan keyingina boshlangandi», deyiladi vazirlik xabarida.

Shuningdek, yaqin kunlarda O‘zbekistonga o‘zbek-xitoy ZF-UZ-VAC2001 va AstraZeneca vaksinalarining qo‘shimcha dozalari yetkazib berilishi kutilayotgani ma'lum qilingan.

«Mamlakatimizda vaksinalarni barcha hududlarga teng taqsimlash tizimi joriy qilingan bo‘lib, birinchi navbatda xavf ostida bo‘lgan fuqarolar emlanmoqda», deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, 23 aprelga o‘tar kechasi O‘zbekistonga «Sputnik V» vaksinasining dastlabki partiyasi olib kelingandi. O‘zbekistonga aholini emlash uchun olib kelinadigan «Sputnik V» vaksinasining yarmini tadbirkor Alisher Usmonov moliyalashtirgan. Oldinroq ushbu vaksinadan jami 1 million doza sotib olinishi rejalashtirilgan edi.

Vazirlik hozircha ikki partiya doirasida qancha vaksina olib kelinganini ma'lum qilmagan. Rossiya elchixonasi ma'lumotiga ko‘ra, ikkinchi partiyada 50 ming doza vaksina yetkazib berilgan. 28 aprel kunidan respublikada Rossiya vaksinasini qo‘llash boshlanadi.

Bundan oldinroq O‘zbekistonda so‘nggi bir kunda yana 20 mingdan ortiq kishi vaksina qabul qilgani va 1 apreldan buyon emlanganlar soni 570 mingga yaqinni tashkil qilayotgani haqida xabar berilgandi.

Mavzuga oid