O‘zbekiston | 07:59 / 29.04.2021
5239
5 daqiqa o‘qiladi

«O‘zbek geologiya qidiruv» tashkil etiladi

Foto: Getty Images

Prezident tomonidan 2021 yil 21 apreldagi “Geologiya sohasiga investitsiyalarni faol jalb etish, tarmoq korxonalarini transformatsiya qilish va respublika mineral-xomashyo bazasini kengaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaror imzolandi.

Hujjatga asosan "Qizilqumgeologiya" AJ, "Samarqandgeologiya" AJ, "Surxongeologiya" AJ, "Hisorgeologiya" AJ, "Toshkentgeologiya" AJ, "Markaziy laboratoriya" DUK va "Geoburtexnika" DUKlarni birlashtirish yo‘li bilan geologiya tizimida "O‘zbek geologiya qidiruv" AJ tashkil etiladi.

Belgilanishicha, "O‘zbek geologiya qidiruv" respublika mineral-xomashyo bazasini rivojlantirish va qayta tiklash davlat dasturlari doirasida geologiya-qidiruv ishlari bo‘yicha xizmat ko‘rsatadi. 2025 yilda "O‘zbek geologiya qidiruv" tomonidan xalqaro moliya institutlari va konsalting tashkilotlari yordamida aksiyalarini ommaviy ravishda birlamchi va ikkilamchi joylashtirish orqali investorlar jalb etiladi.

"O‘zbek geologiya qidiruv"ning asosiy vazifalari belgilandi:

  • sohaga zamonaviy va yuqori samarali uskunalarni, ilg‘or texnika va innovatsion texnologiyalarni joriy etish hisobiga geologiya sohasini modernizatsiya qilishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirish;
  • geologiya-qidiruv ishlari samaradorligi va natijadorligini oshirish hamda xarajatlarni maqbullashtirish orqali xizmatlar tannarxini kamaytirishga qaratilgan tizimli ishlar olib borish;
  • zamonaviy korporativ boshqaruv tizimini joriy etish, moddiy-texnik, moliyaviy va mehnat resurslaridan unumli foydalanish orqali faoliyatning operatsion samaradorligini oshirish;
  • zamonaviy raqamli texnologiyalarni qo‘llash hisobiga sohada bajariladigan ishlar raqobatbardoshligini ta'minlash va geologiya-qidiruv ishlarini nafaqat respublika hududida, balki xorijiy davlatlarda, xalqaro tenderlar g‘olibi sifatida bajarish;
  • hududlarda geologiya-qidiruv ishlarini jadal amalga oshirish orqali respublika mineral-xomashyo bazasi rivojlantirilishini ta'minlash.

Moliya vazirligi va Davlat geologiya qo‘mitasiga:

"O‘zbek geologiya qidiruv" tarkibida quyidagi vazifalarni bajarish bo‘yicha loyiha ofisi tashkil etilishini ta'minlash:

  • transformatsiya bo‘yicha islohotlarni amalga oshirish;
  • korporativ boshqaruv va xalqaro standartlar zamonaviy tizimlarini joriy etish;
  • jamiyat moliyaviy-iqtisodiy faoliyatini muvofiqlashtirish;
  • "O‘zbek geologiya qidiruv" kuzatuv kengashi tarkibining kamida 30 foizini malakali xorijiy tajribaga ega soha mutaxassislari bilan to‘ldirish;
  • "O‘zbek geologiya qidiruv" rahbari o‘rinbosari - moliyaviy direktor (CFO) lavozimini joriy etish.

Mazkur lavozimga yuqori malakali hamda o‘xshash loyihalarda ish tajribasiga ega bo‘lgan xalqaro ekspert jalb etiladi.

Shuningdek, shunday tartib o‘rnatiladiki, unga muvofiq:

  • Davlat geologiya qo‘mitasiga auksionga qo‘yilmagan yer qa'ri uchastkasidan foydalanish huquqini olish uchun investordan murojaat kelib tushgan taqdirda, ushbu yer qa'ri uchastkasidan foydalanish huquqi uchun ruxsatnoma "E-AUKSION" yagona elektron savdo maydonchasi orqali qonunchilik bilan o‘rnatilgan tartibda auksionga qo‘yiladi;
  • yer qa'ri uchastkalaridan foydalanish huquqini "E-AUKSION" yagona elektron savdo maydonchasi orqali realizatsiya qilishda, auksion o‘tkazilmagan deb hisoblangan holda, ariza ayni ishtirokchidan ikki marotaba bir xil yer qa'ri uchastkasi bo‘yicha taqdim etilgan bo‘lsa, bunday ishtirokchi ikkinchi auksion natijalariga ko‘ra "yagona talabgor" tamoyili asosida g‘olib deb e'lon qilinadi.

Quyidagilar tasdiqlandi:

  • Davlat geologiya qo‘mitasi tizimida faoliyat yuritayotgan korxonalarni isloh qilish, soha investitsiyaviy jozibadorligini oshirish va raqamlashtirishni keng joriy qilish bo‘yicha "Yo‘l xaritasi";
  • Davlat geologiya qo‘mitasi yangi tashkiliy tuzilmasi;
  • 2021-2022 yillarda foydali qazilmalar yangi konlarini aniqlash uchun istiqbolli maydon va strukturalarda bajariladigan geologiya-qidiruv ishlari asosiy yo‘nalishlari;
  • 2021-2022 yillarda respublika mineral-xomashyo bazasini rivojlantirish va qayta tiklash uchun foydali qazilma zaxiralarini ko‘paytirish asosiy ko‘rsatkichlari;
  • 2021-2022 yillarda "Olmaliq KMK" AJ tomonidan birlashgan Qalmoqqir va Yoshlik-I konlari qayta baholanishi hisobiga foydali qazilma zaxiralarini ko‘paytirish asosiy ko‘rsatkichlari;
  • Davlat geologiya qo‘mitasi va "O‘zbekneftgaz" AJ tomonidan amalga oshiriladigan neft va gaz maydon hamda konlarida geologiya qidiruv ishlarini rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi.
Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid