Chempionlar ligasi. 1/2 final. Birinchi o‘yin
«PSJ» — «Manchester Siti» — 1:2 (1:0)
Gollar: Markinyus, 15 (1:0). De Bryuyne, 64 (1:1). Mahrez, 71 (1:2).
«PSJ»: Navas, Florensi, Markinos, Kimpembe, Bakker, Geyye, Verratti, Paredes (Errera, 83), Di Mariya (Danilu Pereyra, 80), Neymar, Mbappe.
«Manchester Siti»: Ederson, Uoker, Stouns, Joau Kanselu (Zinchenko, 61), Ruben Diash, Gundo‘g‘an, De Bryuyne, Ernandes, Foden, Mahrez, Bernardu Silva.
Ogohlantirishlar: Joau Kanselu, 31. Paredes, 70. Neymar, 74. De Bryuyne, 86.
Chetlatish: Geyye, 77.
Hakam: Brix (Germaniya).
28 aprel. Parij. «Park de Prens» stadioni.
Javob o‘yini 4 may kuni bo‘lib o‘tadi.

Maurisio Pochettino Angliyada ishlagan vaqtida «Tottenhem»ni pressing mashinasiga aylantirgan va jamoani «Liverpul»ning eng yaxshi davrlari bilan taqqoslash mumkin edi. Uning boshqaruvi davrida «shporlar» «MS» uchun eng noqulay raqiblardan biri edi va Gvardiolani doimo yangi yurishlar o‘ylab topishga majbur qilardi. YeChL-2018/19 mavsumi chorak finalidagi qarama-qarshilik klassika janriga aylangandi, garchi bu o‘yin birinchi navbatda Rahim Sterlingning so‘nggi daqiqalarda urgan goli videotakror orqali bekor qilingani bilan eslansada.
Pochettinoning «PSJ»si «ManSiti»ni pressing bilan qiynab qo‘ya olmasdi. Va bu mantiqiy ham. Birinchidan, Neymar va Anxel Di Mariya — Harri Keyn va Son Xin Min kabi oxirigacha chopuvchi mehnatkashlar emas. Ikkinchidan, Maurisio parijliklarni dekabrda qabul qilib oldi, u mavsumoldi yig‘inida jamoa bilan bo‘lmagan, hozirgi tig‘iz grafik vaqtida eng muhimi — keyingi o‘yingacha tiklanib olish masalasi bo‘lib qolgan.
«PSJ» va «Manchester Siti»da YeChL pley-offidagi boshqa jamoa bilan taqqoslaganda kadrlar masalasidagi muammolar sezilarli emas. Bahor boshidan Yevropa jamoalari nafaqat bir-biriga qarshi, balki jarohatlarga qarshi ham kurashishiga to‘g‘ri kelishi odatiy holga aylandi. Bu o‘yinga qadar parijliklar safiga Verratti, Paredes va Florensi qaytgandi.
Maurisio Pochettino kutilgan tarkib va kutilgan sxemani tanladi. 4-3-3 sxemasida Di Mariyey hujum guruhi vakili bo‘ldi (himoyalanishda u o‘ng qanotga o‘tar va sxema 4-4-2 ko‘rinishiga o‘zgarardi), Verratti, Paredes va Geyye yarimhimoyadan o‘rin olishdi. Birinchi bo‘limda mezbon futbolchilar ko‘p vaqtini raqib jarima maydoni atrofida o‘tkazishdi. Bu parijliklar qarshi hujumlarni juda qisqa vaqt ichida amalga oshirgani bilan izohlanadi. Ular oldindan rejalashtirilgan paslar va barcha futbolchilar oldinga o‘tib kerakli hududlarni band qilishi evaziga emas, individual mahorat evaziga hujum uyushtirishdi. Neymar, Di Mariya, Verratti va Paredes birinchi bo‘limni a'lo darajada o‘tkazishdi.




















