Dunyoga sig‘mayotgan ayollar. Ular nega o‘z joniga qasd qilishmoqda?
Yaratganning insonga bergan ne'matlari ichida eng ulug‘i, shubhasiz tiriklik ne'matidir. Niso surasi, 29-oyatda: «...O‘zlaringizni o‘ldirmang! Albatta, Alloh sizlarga rahm-shafqatlidir», deyilgan. Ammo guvohi bo‘layotganimiz – ayollar orasida bu holatning ko‘p uchrayotgani o‘ylantiradigan holat.
Ayollar nega o‘z joniga qasd qilishmoqda? Ayolning ko‘ziga dunyoni tor qilayotgan sabab nima? Juda ko‘pchilik buni oilaviy muhit, uning turmush o‘rtog‘i bilan bog‘lashi aniq. Ammo sabab faqat bunda emas.
Ayolning hayotda o‘z o‘rnini, o‘z yo‘lini topishi, uni qasdga undayotgan johil muhitni o‘zgartira olishi uchun o‘zida kuch topa olishi haqida ham o‘ylash vaqti kelmadimikan?
Kun.uz ushbu dolzarb mavzuda olima Odinaxon Muhammad Sodiq va psixolog Rozaliya Gabdulhakova bilan suhbatlashdi.
O‘z joniga qasd qilish – katta gunoh
«Bu og‘riqli masalada gapirish oson emas. Avvalo, jon Allohniki, insonga omonat qilib topshirilgan, unga qasd qilish – Allohning ishiga aralashish, katta gunoh. O‘zini o‘ldiruvchilarga oxiratda qattiq jazo, uqubat bor. Hadisi sharifda joniga qasd qilgan inson qay tarzda shu ishni amalga oshirgan bo‘lsa, jahannamda xuddi shu tariqa azoblanishi ta'kidlangan.
Johiliyat paytida oilada qiz tug‘ilsa, or qilib o‘ldirib yuborish odati bor edi. Bu ish payg‘ambarimiz Muhammad sallollohu alayhi vasallamning aralashuvlari bilan to‘xtatilgan edi. Hozirda ayollar o‘zlari bilan birgalikda bolalarini ham o‘ldirmoqchi bo‘lishlari johiliyat paytidan ham o‘tib tushyapti», – deydi Odinaxon Muhammad Sodiq.
Olimaning ta'kidlashicha, musulmon ayol bo‘la turib, bu ishga qo‘l urish insonda e'tiqod mustahkam emasligidan dalolatdir.
Demak, ayollarimizning e'tiqod jihatidan bilimlarini oshirish, ularga jon omonatligini, sabr bilan yaxshilik yarata olishni o‘rgatish lozim. Har qanday holatda ham o‘zini o‘ldirmasdan boshqalardan yordam so‘rash, imkon topish uchun harakat qilish kerak.
Suitsiddan maqsad – o‘lish emas, qasd olish yoki qo‘rqitish
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma'lumotiga ko‘ra, birgina 2016 yilning o‘zida 793 ming nafar odam o‘z joniga qasd qilish oqibatida vafot etgan. E'tiborlisi, o‘zini o‘ldirmoqchi bo‘lganlar orasida ayollar, suitsid oqibatida o‘lganlar orasida esa erkaklar ko‘proq.
Psixolog Rozaliya Gabdulhakovaning aytishicha, buning psixologik sabablari bor.
«Erkak kishi joniga qasd qilganda maqsad o‘lish bo‘ladi. Ayollarda esa ko‘pincha suiqasddan maqsad kimnidir qo‘rqitish, qasd olish, nimagadir qodir ekanini isbotlash bo‘ladi.
Suiqasd odamdagi depressiya sabab kelib chiqadi, ayollarda esa depressiyaga uchrash erkaklarga nisbatan 50 foizga ko‘p uchraydi. Ayol o‘ylaydiki, joniga qasd qilsa, hammaning, jumladan eri yoki boshqa oila a'zolari unga rahmi keladi, qadriga yetishadi, unga yetkazgan ozorlaridan afsus chekishadi. Ammo bundan zarar ko‘rgan faqat ayol va uning farzandlari bo‘ladi.
Ayrim holatlarda aslida o‘lish niyati bo‘lmasa ham kimnidir qo‘rqitish, boshqalarga ta'sir o‘tkazish istagida ham shu ishga qo‘l urishadi.
Bolalarini ham qo‘shib o‘zini o‘ldirmoqchi bo‘lgan hollarda esa, farzand tirik qolgan taqdirda ham, bu ruhiy zarba uning hayotida butun umr o‘z ta'sirini qoldiradi. Bunday ruhiy zarbaga duch kelgan bolaning baxtli inson bo‘lishi qiyin kechadi», – deydi u.
Jabrdiyda roliga kirib qolmang
Ruhshunos oilada zo‘ravonlikka uchragan ayolning psixologiyasi jabrlanuvchi xarakterida bo‘lishini aytdi. Hayotini o‘zgartirish uchun u avvalo o‘z xarakterini o‘zgartirishi kerak bo‘ladi.
«Muammoning sabablaridan biri qilib ayolning zo‘ravonlikka uchragani ham aytiladi, lekin uni bu muhitdan olib chiqib ketishning o‘zi muammoning yechimi emas. Ayol o‘zidagi shu jabrlanuvchi xarakteri bilan yana bir zo‘ravonga duch keladi. Chunki uning psixologiyasi shunga moslashgan.
Agar ayolga nisbatan zo‘ravonlik kuzatilayotgan bo‘lsa, demak u o‘z ruhiyati ustida ishlashi, o‘z xohishlari, o‘z chegarasini anglab olishi va buni boshqalarga ham anglatishi kerak. Ilk marta tazyiqqa uchraganda munosib javob bera olgan ayol keyingi safar shunday holga tushmaydi», – deydi Rozaliya Gabdulhakova.
Yechim – ayollarni o‘qitish
Ayollarning o‘z noroziligini o‘t qo‘yish orqali namoyish etishlari kecha yoki bugun paydo bo‘lmadi. Lekin bugunga kelib o‘ziga qo‘shib farzandlarini ham dunyodan olib ketishni istayotgan juvonlar haqida eshityapmiz, o‘qiyapmiz. Bunday ayollar sabab bolalar ham ruhiy zarba olyapti.
Demak, jamiyatdagi bir qatlam ertaga shu holatni muammoning yechimi degan fikrga bormasligini, uni takrorlamasligini hech kim ta'minlamaydi.
Odinaxon Muhammad Sodiq ayollar suitsidining oldini olishda asosiy yechim qizlarni o‘qitish ekanini aytadi.
«Albatta, faqat ayolni ayblayverish ham noto‘g‘ri, uni shunga majbur qilayotgan omillar ham bor. Hayotidan xursand ayol hech qachon bu ishni qilmaydi. Er bilan, qaynona bilan munosabatlar yoki ayol o‘zi adashib noto‘g‘ri yo‘lga kirib qolgan holatlarda suiqasd qilish kelib chiqyapti.
Eng asosiysi, buning muolajasi ayol kishining ta'limiga borib taqaladi. Unga ta'lim beriladigan bo‘lsa, e'tiqodi mustahkam bo‘lsa, o‘zining diniy va dunyoviy huquqlarini yaxshi bilsa, shunday vaziyatga tushmaydi.
Afsuski, bizda ayollarning o‘z huquqlarini bilib qolishlaridan qo‘rquv bor. Bundan qo‘rqmaslik kerak, o‘rgatish kerak», – deydi olima.
Gulmira Toshniyozova,
Kun.uz muxbiri
Montaj ustasi – Mirvohid Mirrahimov
Mavzuga oid
19:22 / 15.11.2024
Amerikalik harbiy xizmatchilar orasida o‘z joniga qasd qilish holatlari ortdi
10:02 / 08.07.2024
Islom taraqqiyot banki O‘zbekistondagi faoliyatini kengaytiradi
19:12 / 26.02.2024
«Falastinga ozodlik!» – amerikalik harbiy Isroilning Vashingtondagi elchixonasi oldida o‘zini yoqib yubordi
17:24 / 14.12.2023