Ayollar dunyosi | 20:45 / 10.09.2025
2091
2 daqiqa o‘qiladi

10 sentabr – Jahon suitsidning oldini olish kuni

10 sentabr dunyo bo‘yicha suitsidning oldini olish kuni. Bu har yili yuz minglab ayollarning suitsidiga sabab bo‘luvchi omillar bilan kurashish maqsadida yo‘lga qo‘yilgan.

Foto: Getty images

10 sentabr dunyo miqyosida Jahon suitsidning oldini olish kuni sifatida nishonlanadi. Ushbu sana jamiyatda ruhiy salomatlik, xususan, ayollar hayotidagi murakkab ichki kechinmalar va sotsial muammolarga yetarlicha e’tibor qaratish uchun muhim imkoniyat hisoblanadi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, har yili yuz minglab ayollar turli sabablar bilan ruhiy qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Ular orasida turmushdagi zo‘ravonliklar, iqtisodiy bosim, yolg‘izlik, ijtimoiy yordamning yetarli emasligi va jamiyat tomonidan tushunilmaslik kabi omillar asosiy o‘rinni egallaydi. Bu kechinmalar ayollarni o‘z joniga qasd qilish kabi og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Psixologlar ta’kidlashicha, ayollar ko‘pincha o‘z muammolarini yashiradi, his-tuyg‘ularini ichga yutadi, boshqalar tomonidan tushunilmasliklaridan xavotirda sukut qilishadi. Bu esa ularning ruhiy holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Shu kuni o‘z joniga qasd qilishning oldini olish dasturlari targ‘ib qilinadi. Xalqaro tashkilotlar bugungi kunda ayollar hayotini himoya qilish, ularga o‘z vaqtida psixologik va ijtimoiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha keng qamrovli dasturlar ustida ish olib bormoqda. Shu bilan birga, har bir inson — hamkasb, qarindosh, oila a’zosi sifatida atrofidagi ayollar holatidan boxabar bo‘lishi, ular bilan suhbatlashishi va so‘zsiz qo‘llab-quvvatlash muhitini yaratishi muhim ahamiyatga ega.

Bugun — ayollarga faqat "yaxshi ko‘rinish" yoki "burchini bajarish" emas, balki ularning ichki dunyosi, ehtiyojlari va ruhiy salomatligi haqida ham suhbatlashish kuni.

Mavzuga oid