Avvalida nochor ahvolda bo‘lgan ba'zi davlatlar qanday qilib ishlarini o‘nglab, qisqa davrda (20-30 yil ichida) eng kuchli davlatlar qatoriga qo‘shilib olishadi?  

Bir qarashda bu savolga javob berish uchun ular amalga oshirgan ko‘plab islohotlarni, uzundan uzun tafsilotlarni sanab o‘tish kerak. Biroq, boshqa yo‘l ham bor – bir necha asosiy omilni tilga olish bilan samarali islohotlar sirini anglab olish, muvaffaqiyat formulasini ko‘z oldiga keltirish mumkin.

Avvalo shuni aytish kerakki, muvaffaqiyatli islohotlarda to‘g‘ri tadrij – qilinishi kerak bo‘lgan ishlarning to‘g‘ri ketma-ketligi bo‘ladi.

Hatto oddiy ishlarda to‘g‘ri birin-ketinlik bo‘lmasa ishlar chaparasta bo‘lib ketishini bilamiz. Deylik, uy qurayotganda to‘g‘ri ketma-ketlik bo‘lmasa, uy emas – allambalo narsa qurib qo‘yiladi. Bu yerda esa mamlakat islohidek ulkan jarayon!

Yaqin tarix muvaffaqiyatsiz islohotlar bilan birga muvaffaqiyatli islohotlarning ham guvohi bo‘ldi. Bular esa islohot istovchi mamlakatlar uchun tayyor andazalarni yuzaga keltirdi. Biroq eng muhimi, o‘sha – yaxshi natija bergan islohotlar iqtisodiy samaraga omil bo‘luvchi ilmiy asoslangan iqtisodiy qonuniyatlarni, tamoyillarni ishlab chiqishga yordam berdi.

Boshqacha aytganda, islohotlar yo‘liga endigina tushayotgan mamlakatlar uchun tajribadan o‘tgan iqtisodiy bilimlar shakllangan – olish va qo‘llash kerak, xolos. To‘g‘ri, har bir mamlakatning o‘ziga xos jihatlari bor va ularni inobatga olish kerak, biroq bu yerda gap hamma uchun umumiy bo‘lgan iqtisodiy qonuniyatlar haqida boryapti.

Shu yerda to‘xtab, bir jihatni aytish kerak bo‘ladi, zero u biz tepada aytgan haqiqatdan kelib chiqadi. Gap shundaki...

Islohotlar tarafdorlari islohotlar aynan tizimli ravishda, to‘g‘ri birin-ketinlikda olib borilishini yoqlashadi, islohotlarga to‘sqinlik qilmoqchi bo‘lganlar esa aksincha – ularda tizim va tadrij yo‘qolishini istashadi, muhim ishlardan ommani chalg‘itib, shu topda muhim bo‘lmagan masalalarni o‘rtaga tashlashadi. Buni anglashimiz kerak, toki islohotlarning do‘stidan dushmanini ajratib olishimiz lozim. Bu «ajina ovi» emas, bu voqelikni to‘g‘ri anglash uchun kerak.    

Tizimsizlik urinishlarni zoye qiladi, islohotlarni mutlaqo izdan chiqaradi.      

Barcha e'tiborni eng dolzarb – eng og‘ir muammolarga qaratish islohotlar muvaffaqiyatining shaksiz shartlaridan biridir. Bu ham o‘sha tizimlilikning bir jihati. Ya'ni islohotlar yo‘lining boshida turgan har bir mamlakat – jamiyat o‘zi uchun eng muhim, birinchi navbatda qilinishi kerak bo‘lgan ishlarni belgilab olishi va keyin o‘zi belgilaganiga qat'iy amal qilishi kerak.