Donald Tramp AQSh prezidenti lavozimiga qaytganiga to‘rt oy bo‘ldi. Respublikachi bu vaqt ichida shunchalik ko‘p o‘zgarishlar qildiki, Amerikani to‘rt oy emas, to‘rt yildan beri Tramp boshqarayotgandek.
Shu qisqa vaqt ichida tuxum amerikaliklar uchun «kamyob yegulik»ka aylandi. Ilon Maskni dunyodagi eng boy odamga aylantirgan Tesla salonlari yoqilib, savdosi tushib ketdi. Amerika amalda ittifoqchilaridan yuz o‘girdi. Trampning bojlari sabab dollar chop etiladigan davlatda odamlar narx-navo oshishidan xavotirga tushib qolishdi. Va shuncha ishlarga qaramay, Amerikada hech kim Trampga qarshilik qila olmayapti, Kongress xuddi to‘rt yillik ta’tilga chiqib ketganday.
Tramp o‘tgan yil noyabrda qanchalik katta g‘alabaga erishgani shu kunlarda sezilyapti. Axir endi nafaqat prezidentlik, balki Kongressning ikki palatasi ham respublikachilar qo‘lida. Ishoning, Tramp kelasi 4 yil davomida Oq uy rahbari sifatida xohlagan ishini qiladi va unga hech kim qarshilik qila olmaydi. Xohlasa, ittifoqchisi Maskning Tesla brendini Oq uyning hovlisida reklama qilib beradi, xohlasa, o‘zi joriy qilgan «boj o‘yini»dan 2,5 milliard dollar ishlagan do‘stini Oq uyga taklif qilib, maqtanadi.
Shu o‘rinda Amerika siyosatidan sal-pal xabari bor odamda bir savol paydo bo‘ladi: axir demokratiya otasi ekani bilan katta ketadigan Amerikada ikkita partiya bo‘lardi shekilli, qani narigi muxolif partiya, ular hech nima qilolmaydimi? Ya’ni Amerikada hukumatga muxolif partiya dom-daraksiz bo‘lib ketganini sezish uchun siyosatchi bo‘lish shart emas. Shu o‘rinda hech ikkilanmay aytsak bo‘ladi: dunyodagi eng qudratli davlat Amerikada siyosiy inqiroz kuzatilmoqda. Bo‘layotgan ishlarni boshqacha nom bilan atab bo‘lmaydi.
Amerika siyosatiga shunchalik ortiqcha baho berilgan ekanki, bugun bu davlatda hech qanday tiyib turuvchi kuch, hech qanday bosib o‘tib bo‘lmaydigan demokratik qadriyat yo‘qligini ko‘ryapmiz. Saylovni yut va istaganingni qil, mana shunaqa prinsip amalda.
Bayden qayerda?
Amerikada oxirgi yillarda bir partiya boshqasidan bu qadar katta ustunlikka ega bo‘lmagandi. Donald Tramp saylovda yutqazganidan keyin demokratlar mamlakat siyosiy hayotidan butunlay chiqib ketgandek, chunki ular har ikki palatada o‘zlaridan ko‘p bo‘lgan respublikachilar bilan kurashda hech nima qilolmayapti.
Shu o‘rinda ko‘pchilikda savol paydo bo‘ladi: Jo Bayden qayerda? Kechagacha prezident bo‘lgan odam amalda partiyaning eng qudratli vakili bo‘lishi, mag‘lubiyatdan keyin tarafdorlarini olg‘a boshlashi kerak emasmi? Balki aynan yetakchi yo‘qligi uchun demokratlar tushkunlikka tushib qolgandir?














