O‘zbekiston | 15:51 / 05.05.2021
4983
2 daqiqa o‘qiladi

Hamshiralik ishi o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar faoliyat turlari ro‘yxatiga kiritiladi

2021 yil 1 iyuldan boshlab hamshiralik ishi o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat (ishlar, xizmatlar) turlari ro‘yxatiga kiritiladi. Bu prezidentning “Sog‘liqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlarni izchil davom ettirish va tibbiyot xodimlarining salohiyatini oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish to‘g‘risida”gi farmoni loyihasida belgilangan.

Hamshiralik ishi faoliyatini amalga oshirishga o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun o‘rnatilgan tartib bilan bir qatorda quyidagi talablar belgilanadi:

  • hamshiralik ishi faoliyatini faqat o‘rta tibbiy yoki oliy hamshiralik ishi yo‘nalishi bo‘yicha oliy ma'lumotga ega Sog‘liqni saqlash vazirligining tegishli axborot tizimida 2022 yil 1 yanvardan boshlab ro‘yxatdan o‘tgan shaxslar amalga oshirishi;
  • tibbiy muolajalarni farmonning 1-bandi to‘rtinchi xatboshisiga muvofiq o‘rta tibbiyot xodimlari maqomini oshirishdan kelib chiqib bajarish;
  • hamshiralik ishi faoliyati bilan shug‘ullanayotgan shaxs belgilangan muddatlarda o‘z malakasini oshirib borishi.

Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda o‘rta tibbiyot xodimlari tomonidan o‘zini o‘zi band qilgan holda hamshiralik ishi faoliyatini amalga oshirish tartibini tasdiqlaydi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid