Jamiyat | 18:20 / 05.05.2021
3354
2 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryoda tog‘lar orasidagi borish qiyin bo‘lgan qishloqqa maxsus yo‘ltanlamas tez tibbiy yordam mashinasi ajratildi

Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanining borish qiyin bo‘lgan uzoq tog‘ qishlog‘iga maxsus tez tibbiy yordam mashinasi ajratilgan. Bu haqda viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi axborot xizmati xabar qilmoqda.

Ma'lum qilinishicha, Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari A.Inoyatov va Qashqadaryo viloyati SSB boshlig‘i R.To‘lakov Shahrisabz tumanidagi tog‘li, olis chegara hududidagi Ko‘l qishlog‘ida bo‘lib, aholining tibbiyotga doir muammolarini o‘rgangan.

Mazkur qishloq tuman markazidan 85 kilometr masofada joylashgan bo‘lib, unga faqat maxsus mashinalarda yetib borish mumkin. Qayd etilishicha, mazkur qishloqda 1300 nafardan oshiqroq aholi yashaydi. Bu yerda joylashgan oilaviy shifokorlik punktida 1 nafar vrach, 8 nafar o‘rta tibbiyot xodimi faoliyat ko‘rsatadi. Ko‘lga eng yaqin masofada joylashgan tez tibbiy yordam shoxobchasi undan 26 kilometr uzoqlikda, G‘ilon qishlog‘ida joylashgan.

Tog‘ yo‘llarida har qanday mashina harakatlana olmasligi inobatga olinib, Ko‘ldagi oilaviy shifokorlik punktiga Rossiyada ishlab chiqarilgan «Sobol» yo‘ltanlamas mashinasi topshirilgan.

Bundan tashqari vazir o‘rinbosari tomonidan mazkur hududda vrachlar tanqisligi muammosini hal etish uchun Ko‘l, G‘ilon va atrofdagi boshqa qishloqlar aholisi yoshlaridan 10 nafar yigit-qizni Samarqand davlat tibbiyot institutida mazkur oliy o‘quv yurti hisobidan o‘qitib berish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar belgilanishi ma'lum qilingan.

Ғайрат Йўлдошев
Tayyorlagan Ғайрат Йўлдошев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid