O‘zbekiston | 10:25 / 06.05.2021
5390
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqand davlat tibbiyot institutida o‘tkazilgan anjumanda zamonaviy shifokorlarni tarbiyalash masalasi muhokama qilindi

Samarqand davlat tibbiyot institutida «Shifokor shaxsining rivoji va shakllanishining pedagogik va psixolingvistik xususiyatlari» mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.

Mazkur konferensiyani o‘tkazishdan asosiy maqsad zamonaviy shifokorlarni tarbiyalashdir. Xususan, ular shakllanishining pedagogik va psixolingvistik xususiyatlari, tibbiy ta'limda interfaol pedagogik texnologiyalar va axborot texnologiyalaridan foydalanishni muhokama qilish, xorijiy tibbiyot oliy ta'lim muassasalari va ilmiy-amaliy markazlar bilan aloqalarni mustahkamlashdan iborat.

Xalqaro forumda Rossiya, Indoneziya va O‘zbekistonning bir qator oliy o‘quv yurtlari va ilmiy-amaliy markazlarining 180dan ortiq vakili ishtirok etdi.

Anjumanning ochilish marosimida SamDTI rektori, professor Jasur Rizayev, Indoneziyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi janob Sunaryo Kartadinata, Ijyevsk davlat tibbiyot akademiyasi rektori Aleksey Shklyayev, Samarqand davlat universiteti rektori, professor Rustam Xolmurodov, Samarqand veterinariya meditsinasi instituti rektori, professor Xudaynazar Yunusov, Samarqand davlat chet tillar instituti rektori Ilhom To‘xtasinov so‘zga chiqdi.

Yalpi majlisda ma'ruzalar eshitilgach, tadbirning asosiy ishi «Gumanistik va sotsial pedagogika», «Lingvo-psixologik pedagogika, pedagogik psixologiya», «Differensial psixologiya, psixofiziologiya» shu'balarida davom etdi. Sohaning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan 40dan ortiq ma'ruza eshitildi.

Bu kabi konferensiyalar respublikamiz tibbiy oliygohlarida zamonaviy pedagogik va interfaol texnologiyalarni qo‘llash, klinik va fundamental tibbiy fanlar dars mashg‘ulotlari sifatini yanada oshirishga xizmat qiladi. Shuningdek, milliy pedagogika maktabini zamonaviy ilmiy yutuqlar bilan boyitish, malakali tibbiyot kadrlarini tarbiyalash hamda xorij universitetlari, ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Samarqand davlat tibbiyot instituti matbuot xizmati

Mavzuga oid