96 yoshli otaxon biz bilan suhbat davomida uzoq yashash sirlarini ochdi. Iminjon Temirov yuzga yaqinlashgan yoshida ham ko‘zoynaksiz kitob o‘qiydi.
«Buning siri to‘g‘ri ovqatlanishda. Soat 17dan keyin hech ovqatlanmaganman», deydi ota.
Qahramonimiz 9 farzandning otasi, u yuzdan ziyod nevara va chevaralarga bobo hisoblanadi.




«1925 yilda tug‘ilganman. 17 yoshimda, maktabni bitirmasimdan urush boshlanib, armiyaga olib ketishdi. Avval Spasskiy degan joyda tayyorgarlik ko‘rdik. Undan keyin serjantlar maktabiga olishdi. U yerda uch oy o‘qitib, unvon berishdi. Keyin urushga kirib ketdik. Avval Belorussiyada bo‘ldik. U yerda bizni eshelonga solib, Yaponiya bilan urushga olib ketishdi. Jami bo‘lib sakkiz yil xizmatda bo‘lganman», deydi Iminjon ota.
Iminjon Temirov minomyot divizionida raschyot komandiri bo‘lgan. U va uning quroldoshlari qahramonligi haqida «Ikki urush ko‘rganlar» kitobi ham yozilgan.
«Urushda qiziq voqealar ko‘p bo‘lgan. Fashist samolyotlari o‘rmon ichida yurganimizda ustimizdan bombardimon qila boshladi. «Qoch, qoch!» degan xitoblar. O‘qlardan daraxt shoxlari uzilib tushardi. Yaradorlarni bog‘ ichida turgan mashinaga yuklash kerak. Biri oyog‘idan yaralangan, biri qo‘lidan. Shunda batareya komandiri «mashinaga chiqib, bularni medchastga olib boringlar» dedi. Hech kim chiqmadi. Qarag‘aylardan o‘q o‘tib, tushyapti-da, hamma qo‘rqdi. Shunda men chiqaman dedim. Kasallarni olib berishyapti, men mashinaga qo‘yyapman. Hammasini yuklab bo‘lganimdan keyin mashina ketdi.

Urush eng dahshatli narsa. Xalqlarni besaranjom qiladi. Qiyinchilik bo‘ladi-da urushda. Urush bo‘lmasligi kerak aslida. Urush bo‘lgandan keyin qo‘shningiz ham qiyinchilikda, siz ham qiyinchilikda qolasiz. Hamma narsa qiyinchilik bo‘ladi. Bundan buyon yoshlarimiz urush ko‘rmasin. Ota-onasiga mehribon bo‘lib, hozirgi ketayotgan davrimizda yashab yuraversin», deydi qahramonimiz.



















