19:20 / 10.05.2021
8460

Bo‘stonliq elektr tarmoqlari korxonasi rahbari kiyikchilik fermasidagi holat bo‘yicha qo‘shimcha izoh berdi

Kun.uz 30 aprel kuni «Bo‘stonliqdagi kiyikchilik fermasi elektr uzilishi sabab uch kunda 6800 yevro yo‘qotdi. Qanday qilib?» sarlavhali maqola e'lon qilgan edi.

Unda tadbirkor elektr ta'minotidagi uzilish sabab 6800 yevro yo‘qotgani, kiyiklarni emlash uchun shuncha narxga xorijdan olib kelgan vaksinalar yaroqsiz holga kelib qolgani haqida ma'lum qilingandi.

Maqola e'lon qilingach, Bo‘stonliq tuman elektr tarmoqlari korxonasi rahbari Qurbonali Siddiqov holat yuzasidan izoh berish maqsadida Kun.uz muxbirini suhbatga taklif etdi.

Suhbat davomida, Siddiqov fermada chiroq o‘chishiga HETKning aloqasi yo‘qligi, bunga o‘sha hududda varrak uchirganlar sabab bo‘lgani haqida dastlabki maqolada keltirilgan fikrlarini takroran bildirib o‘tdi.

«Ular ulangan liniyadan 500-600 xonadonga elektr uzatiladi. Biz bu aholini «svet» bilan ta'minlashimiz kerak. Shu sababli, yakshanba kuni biz ularning liniyasini ajratib qo‘yib, qishloqqa «svet» berganmiz. Avariya ularning liniyasida bo‘lgan.

Ular tortgan liniya talabga javob bermaydi. Simlari salpi, shamolda bir-biriga tegib liniya o‘chib qolaveradi. Simyog‘ochlar chirigan», – deydi tuman elektr korxonasi rahbari.

«Ular 2018 yilda, qurilish davriga deb 1 oy muddatga ruxsatnoma olgan. Qurilish tugagandan keyin ular elektr ta'minoti yuzasidan biz bilan shartnoma qilib, «energonadzor»dan ruxsat olib, «tex usloviya» olishlari kerak edi. «Energonadzor» ruxsat bergach, ular o‘rnatgan transformatorga biz raqam beramiz. Shu ishlar qilinmagan.

Bundan tashqari, ular o‘zlari tortgan alohida liniyaga biz xizmat ko‘rsatishimiz uchun ham biz bilan shartnoma qilishlari kerak», – dedi Qurbonali Siddiqov.

Tadbirkor barcha hujjatlari joyida ekani, HETKdagilar unga tegishli hujjatlarni yo‘qotib qo‘ygani haqidagi da'vosiga javoban, Siddiqov avvalboshdan shartnoma qilinmaganini iddao qildi.

«Shaxsiy transformator bo‘lganidan keyin, asosiy hujjat ularda bo‘ladi, bizda faqat uning bir varaqlik ishchi hujjati (raqami) bo‘ladi xolos. Transformator bo‘yicha hujjatlar o‘zlarida bo‘ladi. Ular bizga faqat qurilish davri uchun deb bir oyga ruxsat olgan. Bizning reyestrimizda ularning boshqa hech qanday hujjati yo‘q», – dedi Bo‘stonliq elektr tarmoqlari korxonasi rahbari.

U, tadbirkor bilan gaplashib muammoni hal qilish bo‘yicha tushuntirish bergani, tadbirkor esa bunga ro‘yxushlik bermaganini aytmoqda.

Elektr korxonasi, shuningdek, tadbirkorning fermasiga tortilgan liniyada varrak uchirilgani sabab avariya bo‘lganini go‘yoki tasdiqlovchi videolavhani taqdim etdi. Videolavha tushunarsiz bo‘lib, undagi tasvirlar ayni shu holatga aloqadorligini bildiruvchi belgilar yo‘q.

Videolavha va HETK rahbari bilan suhbatni yuqoridagi videodan tomosha qilishingiz mumkin.

Top