Jahon | 22:39 / 10.05.2021
8256
3 daqiqa o‘qiladi

Ilhom Aliyev Qorabog‘dagi ixtilof hal qilingani va bu masalaga qaytish befoydaligini aytdi

Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev Tog‘li Qorabog‘ ixtilofi hal qilingani va bu masalaga qaytish befoydaligini aytdi. Uning ta'kidlashicha, “kimdir hali ham ixtilof hal qilinmagan deb hisoblayotgan bo‘lsa, unda bu uning shaxsiy muammosi”.

Foto: Ozarboyjon prezidenti matbuot xizmati

“Yana bir marta ta'kidlamoqchiman, urushdan keyin Tog‘li Qorabog‘ ixtilofi hal qilinganini bir necha marta aytganman. Ozarboyjon bu ixtilofni bir o‘zi, jang maydonida va muzokaralar stoli ortida hal qildi. Jang maydonidagi g‘alaba dushmanni oq bayroq ko‘tarishga va kapitulyatsiya haqidagi hujjatni imzolash uchun taslim bo‘lishga majbur qildi. 10 noyabrda imzolangan hujjat Armanistonning taslim bo‘lishi haqidagi hujjatdir. Ozarboyjonda Tog‘li Qorabog‘ deb nomlanuvchi hududiy birlik yo‘q. Ixtilof hal qilindi va bu masalaga qaytish befoyda deb hisoblayman. Biz buni urushdan keyingi davrda ko‘rsatdik”, deb aytgan Aliyev Ozarboyjon davlat televideniyesiga bergan intervyusida.

Ozarboyjon rahbarining ta'kidlashicha, “kimdir hali ham ixtilof hal qilinmagan deb hisoblayotgan bo‘lsa, unda bu uning shaxsiy muammosi”.

“Ikkinchidan, bu xavfli yondashuvdir. Agar ixtilof hal qilinmagan bo‘lsa, unda uni qanday hal qilish kerak? Unda bu 10 noyabrda imzolangan bayonot o‘z kuchini yo‘qotganini anglatadimi? 10 noyabrda ixtilofni hal qilish haqida hujjat imzolangan. Bu bayonot ba'zilar ko‘rsatmoqchi bo‘layotgandek faqat o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi hujjat emas. Ko‘zlarini yaxshilab ochib, unda boshqa yana qancha band borligini ko‘rishsin. Unda ko‘plab masalalarga, jumladan, kommunikatsiyalar ochishga taalluqli ko‘p bandlar bor. Agar ixtilof hal qilinmagan bo‘lsa, unda qanday kommunikatsiyalarni ochish haqida so‘z borishi mumkin? Unda nimaga Ozarboyjon, Armaniston va Rossiya bosh vazirlari o‘rinbosarlari uchrashib, kelishmoqdalar?” deb ta'kidlab o‘tgan Aliyev.

2020 yil sentyabrda Tog‘li Qorabog‘da ushbu hudud uchun Ozarboyjon va Armaniston qurolli kuchlari o‘rtasida jangovar harakatlar qayta boshlangandi. 2 oyga yaqin davom etgan qarama-qarshilikdan keyin tomonlar Rossiya vositachiligida o‘t ochishni to‘xtatishga va asirlar hamda halok bo‘lganlar jasadlari bilan almashishga kelishgan. Yerevan, shuningdek, Ozarboyjonga Kelbajar, Lochin va Agdam tumanlarini topshirgan.

Mavzuga oid