09:53 / 10.05.2021
1993

Nukusda «Vatanparvarlar bog‘i» ochildi

Nukusda bog‘ning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. «Vatanparvarlar bog‘i» Jo‘qorg‘i Kenges Prezidiumining 2019 yil dekabr oyidagi qarori bilan tasdiqlangan «Yo‘l xaritasi»ga asosan barpo etilgan. Uning qurilishi uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi harbiy-ma'muriy sektori tomonidan pul mablag‘i ajratilgan.

Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonligi hamda shahar hokimligi rahbarligi ostida bunyod etilgan bog‘da urush yillarining boshlanishidan, Berlinda Sobiq ittifoq bayrog‘ining o‘rnatilgunga qadar pannolarda fotosuratlar jamlanmasi o‘rin olgan. Uch o‘lchamli grafika usulida yaratilgan suratlar orasida Qoraqalpog‘iston Respublikasining frontga bergan yordami hamda vatandoshlarimizning front ortidagi mashaqqatli mehnati aks etgan.

Bog‘da jami 8 dona texnika: T-64 tanki, piyodalar jangovar mashinalari, zirhli transportyorlar hamda artilleriya va zenit qurilmalari o‘rnatilgan. Eksponatlar orasida ko‘pchilikning diqqatini tortuvchi Su-17 qiruvchi samolyoti ham bor.

Ma'lumot uchun, Qoraqalpog‘istonning 20 mingdan ziyod fuqarosi urush yillari front ortida sanoat, kon-metallurgiya shaxtalari hamda mamlakatimizning sanoat muassasalarida jonbozlik ko‘rsatgan.

Mavzuga oid
Top